French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonda dinshunoslik ta’limi va ilmiy tadqiqotlar
14:04 / 2025-04-16

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yangi O‘zbekistonda dinshunoslik ta’limi va ilmiy tadqiqotlar” respublika forumi doirasida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Mazkur konferensiyaning maqsadi “Dinshunoslik” fanini o‘qitishni yanada takomillashtirish, ta’lim samaradorligini oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishdan iborat.   

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov va boshqalar mamlakatimizda dinshunoslik masalalarini o‘rganish, bu borada keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar olib borish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.  

Ilmiy-amaliy anjumanda “Jamiyat barqarorligini ta’minlashda diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishning ahamiyati”, “O‘zbekistonda diniy ta’lim tizimidagi yangi islohotlar”, “Din germenevtikasi: tarix va zamonaviylik”, “Zamonaviy Qozog‘istonda dinshunoslik va diniy ta’lim jarayonlari”, “Naqliy va aqliy ilmlar integratsiyasi: Malayziya islom ilmlari universitetida qiyosiy dinshunoslikka yondashuv”, “Huquq tartibot organlari tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida “Dinshunoslik” fanini o‘qitishning o‘ziga xos jihatlari” kabi masalalar atroflicha muhokama etildi.  

–  Milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unligiga erishish, diniy bag‘rikenglik hamda millatlararo totuvlikni ta’minlash, din niqobi ostidagi buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ular qalbida obodlik, bunyodkorlik kabi tuyg‘ularni uyg‘otish davr talabiga aylanmoqda, – dedi Xalqaro islom akademiyasining “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish YUNESKO” kafedrasi mudiri Odil Ernazarov.– Ushbu forum doirasida “Dinshunoslikning dolzarb muammolari” respublika an’anaviy konferensiyasini o‘tkazish bilan bir qatorda xalqaro tajribani o‘rganishga doir binar darslar, davra suhbatlari va talabalar ilmiy anjumanlari ham o‘tkaziladi.  

Anjumanda muhokama etiladigan masalalar, xususan, dunyoviy va diniy ta’limga oid muammolar borasida amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar natijalari bilan ilmiy jamoatchilikni tanishtirish, respublikamiz ta’lim muassasalarida dinshunoslikka oid fanlarni o‘qitishni yanada takomillashtirish, diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini umumbashariy qadriyat sifatida mustahkamlash bilan bog‘liq bo‘lib, ular respublikamiz milliy taraqqiyoti, tinchlik va barqarorligining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

O‘z navbatida, konferensiyaga kelib tushgan dinshunoslik, islomshunoslik, tarix, falsafa, din psixologiyasi kabi ijtimoiy fanlar yo‘nalishiga oid turli ilmiy maqolalar mazkur an’anaviy anjumanning XVII materiallari to‘plamidan o‘rin oldi.  

To‘plam yurtimizdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida dinshunoslik fanlari bo‘yicha ta’lim beruvchi professor-o‘qituvchilar, olimlar, shuningdek, islomshunos, sharqshunos, manbashunos, tarixchi, yosh ilmiy tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlari asosida yozilgan 100 ga yaqin maqolani o‘zida jamlagan bo‘lib, unda diniy bag‘rikenglik, milliy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi, ajdodlar ilmiy merosining ma’naviy hayotimizda tutgan o‘rni o‘z ifodasini topgan.

Forumi doirasida «O‘zbekiston va YUNESKO aloqalari: hamkorlikning bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi Ta’lim va ilm-fan bo‘limi bosh eksperti Dilnoza Qurbonova, mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim maskanlarining olimlari, professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.

Nazokat Usmonova,

Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari