Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik, hamjihatlik mustahkamlanmoqda
15:22 / 2024-08-28

Bismillahir Rohmanir Rohiym, Allohga shukrki, tinch va osuda yurtda yashab, eng ulug‘, eng aziz bayram – ona Vatanimiz mustaqilligining 33 yillik shodiyonasini katta bayram qilish taraddudidamiz. Binobarin, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga qaratilgan islohotlar muborak Islom dini ulug‘lagan fazilatlar – bag‘rikenglik, saxovat,  muruvvat, yaxshilik kabi ezgu amallarga hamohangligi bilan ibratlidir.

Mamlakatimizda  diniy faoliyatni yanada takomillashtirish bo‘yicha  qabul qilingan bir qator farmon va qarorlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar sohada yangi taraqqiyot bosqichini boshlab berdi. Jumladan, Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni,  2019 yil 4 sentyabrdagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori jamiyatda vijdon erkinligi va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlash, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. To‘rtta diniy ta’lim muassasasi – Buxoroda Mir Arab Oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy instituti va shu nomdagi madrasaga asos solindi. Yana bir muhim jihat, Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Mazkur markazlarda yosh tadqiqotchilar buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va tadqiq etish barobarida zamonaviy ilmlarni ham o‘zlashtirib, yetuk olim bo‘lib yetishadi. Shular qatorida turli hududlarda hadis, kalom, aqida, tasavvuf, fiqhni o‘rganishga ixtisoslashgan beshta ilmiy maktab faoliyati yo‘lga qo‘yilgani diniy-ma’rifiy sohada yangi davr boshlaganidan darak beradi.

Diniy sohadagi islohotlar haqida gap ketganda, yurtimizda qad rostlayotgan ko‘rkam va shinam masjidlar haqida so‘z yuritmaslikning iloji yo‘q. Chunki bugun shahar markazlari-yu tumanlarda, hatto olis hududlardagi masjidlar ham zamonaviy qiyofaga kirib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. So‘nggi 7 yilda bunday masjidlarning 100 dan ortig‘i yangi ochildi, 400 dan ziyodi qayta bunyod etildi, 500 tasi ta’mirlandi. Bu o‘zgarishlar qatorida Diniy idora qoshida Qur’on va tajvidni o‘rgatish bo‘limi tashkil etilib, o‘lkamizda 28 ta “Qur’oni karim va tajvid” kurslari faoliyat boshladi. Shu kunga qadar bu o‘quv kurslarida minglab yurtdoshimiz tahsil oldi. Qur’oni karim qiroatidan dastlabki saboqlarni o‘rgandi. Yana minglab fuqarolar ta’limni davom ettirmoqda. Shuningdek, masjidlarda muazzinlarning azon aytish mahoratlarini yaxshilash bo‘yicha kurslar tashkil etilgani ham ahamiyatlidir.

O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar qatorida 2022 yilda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi ish boshladi. Alohida binoda joylashgan markazda 20 o‘rinli “Call-markaz”, fuqarolar murojaati bilan ishlaydigan zabardast ulamolar va internet tarmog‘i orqali savol-javob qiladigan zakovatli faqihlar tunu kun xizmat qilmoqda. Fatvo markazi ulamolari tomonidan savol-javoblar asosida bugungi kundagi dolzarb mavzudagi 500 fatvo jamlanib, “Fatvolar to‘plami” kitobi nashr etildi. Mazkur to‘plam musulmonlar diniy savodxonligini oshirishga, turmushda uchrab turadigan shar’iy savollarga asosli javob topishda muhim qo‘llanma hisoblanadi.

Masjidlar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va shu kabi boshqa ob’ektlarni qayta qurish va ta’mirlashni moliyalashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda ushbu soha xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha katta ishlar qilinayotganini alohida ta’kidlash joiz. Xususan, shu maqsadda Prezidentimizning “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etildi. Ayni kunda fond tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli loyihalar millionlab yurtdoshlarimiz ko‘ngliga iliqlik olib kirmoqda. 

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Islom olami bilan aloqalari rivojlandi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turli davlatlarning diniy idoralari bilan memorandumlar imzolandi. Xalqaro anjuman va ilmiy konferensiyalarda ulamolarimizning chiqishlari yuqori baholandi. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bir necha bor Islom olami ulamolari tomonidan e’tirof etildi.  Abu-Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi kabi 5 ta xalqaro nufuzli tashkilotlar a’zoligiga qabul qilindi. Uning ushbu tashkilotlarga a’zo bo‘lishi O‘zbekistonning musulmon dunyosi bilan o‘zaro hamkorligini yanada mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. O‘tgan yili Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Musulmonlar diniy idoralari rahbarlari kengashining IV yig‘ilishi va Buxoro shahrida Mir Arab madrasasining 500 yilligi keng nishonlandi. Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada juda katta ishlar amalga oshirilayotganiga dunyo ulamolari bevosita guvoh bo‘ldi.

Yurtimiz ulamolarining islomiy tafakkur va madaniyatni ravnaq toptirish, muborak dinimizning ulug‘ insoniy g‘oyalarini xalqimizga yetkazish borasidagi sa’y-harakatlari hukumatimiz tomonidan ham munosib baholanib kelinmoqda.  Jumladan, “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni, “Imom Buxoriy” ordeni ta’sis etildi. E’tiborlisi, mazkur “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni birinchilar qatorida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi, muftiy, marhum shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi, muftiy, marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga berildi. Bu esa ulug‘ ajdodlarimizga ko‘rsatilgan katta hurmat va ularning dinimiz ravnaqiga qo‘shgan hissasining munosib taqdirlanishidir.

Mamlakatimizda yurtdoshlarimizning Haj ibodatlarini yuksak saviyada tashkil etish, ular uchun munosib qulayliklar yaratish ishlari yanada yangi bosqichga ko‘tarildi. Ma’lumki, yurtimizda Haj va Umra safarlarini tashkil etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. O‘zbekistonlik hojilarning ibodatlarni yuqori darajada ado etishlari uchun sharoitlar yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Xususan, Umra safariga boruvchi ziyoratchilar sonini belgilash bo‘yicha kvota olib tashlandi. Haj kvotasining yildan-yilga oshib borishi yurtimizda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami naqadar kengligidan darak beradi. Eng muhimi, xalqimiz bu kabi o‘zgarishlarni katta xursandchilik va quvonch bilan qarshi olmoqda.

[gallery-18962]

Shu yili Haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilgani tarixiy voqea bo‘ldi. Bunday quvonchdan ruhlangan hojilar Mino, Arafot va Muzdalifada yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi uchun duolar qildi. Ular bir ovozdan ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lish tashabbusini ilgari surdi. So‘ng hojilar Shayx Nuriddin Xoliqnazar boshchiligida ezgu tashabbus loyihasini ishlab chiqdi va “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida faoliyat yuritishga bel bog‘ladi. Mazkur tashabbusni hayotga tatbiq etish ishlari respublikamizning barcha hududida birdek boshlandi. Islom dinining asl mohiyati, uning tinchlikparvarlik, insonparvarlik va ezgulikka asoslanganini har tomonlama mukammal namoyon etish maqsadida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning har biri muhim ahamiyatga ega. Bunday o‘zgarish va yangiliklardan quvonib, Alloh taologa behad shukronalar aytishimiz darkor. Zero, Qur’oni karimda: “Va Robbingiz (sizga): “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman”, deya marhamat qilgan.

Alloh taolo mamlakatimizda din va e’tiqod erkinligi borasidagi ezgu ishlarni yanada bardavom aylab, butun dunyoda yurtimizning maqomi va nufuzini yanada ziyoda qilsin. Mustaqil yurtimizda ezgu islohotlar bardavom bo‘lsin!

Zayniddin Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

O‘zA