O‘zbekiston turizm salohiyati yildan-yilga oshib boryapti. Poytaxtdagi bunyodkorlik ishlari, jumladan, yangi qurilishlar, zamonaviy mehmonxonalar, biznes markazlari va turizm infratuzilmasi ob’ektlari dunyo standartlari asosida barpo etilayotgani sayyohlar sonini oshirishga xizmat qiladi.
Yaqin kunlarda O‘zbekistonda katta shodiyona – Mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yillik bayrami nishonlanadi. Shu ulug‘ kunlarda obodlik, Toshkentning yangi qiyofasini, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonning yangi binolarini ko‘rganda quvonadi kishi. Respublikaning barcha hududlarida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududda qad rostlagan zamonaviy mehmonxonalar majmuasi ayni shu ishlarning mantiqiy davomidir.
Bir paytlar qarovsiz yotgan manzil bugun obod maskanga aylangan. 8 gektardan ziyod maydonda 12 ta zamonaviy mehmonxona, 375 o‘rinli “Yangi Toshkent” konferensiya zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi hamda ochiq sport maydoni barpo etilgan. Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan bu majmua mahalliy va xorijiy sayyohlarning xarakatlanishi uchun qulay lokatsiya sifatida e’tirof etilmoqda.
– Ushbu kompleksning ahamiyati shundaki, har bir mehmonxona xududlarni qamrab olgan. Misol uchun, “Biznesni rivojlantirish banki” Qoraqalpohiston Respublikasi mehmonxonasini qurdik, – dedi “Biznesni rivojlantirish banki” boshqaruvi raisi Saxi Annaklichev. – O‘zgacha muhit yaratilgan, milliyligimizni aks ettirib turgan bu mehmonxonalarning jozibadorligi eng avvalo, “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da qad rostlagani, shuningdek, Olimpiya shaharchasiga yondoshligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Mehmonxonalar bir paytning o‘zida 1480 nafar mehmonni sig‘dira oladi. Loyihaning yana bir muhim jihati shundaki, binolarda energiya tejovchi uskunalar o‘rnatilgan.
Qayd etish kerak, restoranlar, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va anjumanlar zali bilan uyg‘un holda tashkil etilgan kompleks yuqori darajadagi tadbirlar hamda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkaziladigan joy bo‘ladi.
Hududda istiqomat qilayotgan fuqarolar yangilanish, yangi qurilishlarga yuz tutgan Yangi O‘zbekistonning farzandlari ekanidan baxtiyor. Zero, majmua qurilishi ortidan yon-atrofdagi mahallalarning infratuzilmasi ham yaxshilanib, aholi farovonligi ta’minlandi.
[gallery-24860]
Shuningdek, loyiha iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi: yiliga 39 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat va mol-mulk solig‘i to‘lanadi. Majmua ishga tushishi natijasida 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.
Bu bunyodkorlik – Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi, xalqimizning orzu-intilishlari va ezgu maqsadlarining amaliy ifodasidir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/KNWr0sgY1v4?si=WxPcAKjv0oPjoSI7" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Nosirjon HAYDAROV (foto),
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video),
O‘zA