Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobi va kelajakka sub’ektiv nazar
15:40 / 2023-12-29

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘z erkinligiga hamda barcha davlat tashkilotlarining ochiq siyosat olib borishlariga katta e’tibor qaratildi.

Buning natijasida aholi o‘zi uchun kerakli deb bilgan barcha ma’lumotlardan xabardor bo‘lib kelmoqda. Bu siyosatning mantiqiy davomi sifatida 2023 yilda ham Prezident tadbirkorlar, aholi va soha mutaxassislari bilan ko‘plab ochiq muloqotlarda ishtirok etdi. Yakun topayotgan yil nafaqat dunyo davlatlari, balki O‘zbekiston uchun ham o‘ta jo‘shqin va qizg‘in voqealarga boy bo‘ldi desak yanglishmagan bo‘lamiz.

2022 yilning so‘ngida Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaat qilib, 2023 yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Oldimizga qo‘yilgan maqsad va vazifalarga munosib ravishda joriy yil «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» deb nomlandi.

Prezidentimizning “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, dasturga muvofiq yil mobaynida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Shuningdek, xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganligi isboti sifatida xalqchil konstitutsiya uchun umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi va yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Konstitutsiya talablariga muvofiq muddatidan ilgari Prezidentlik saylovlari bo‘lib, unda 87,05 foiz ovoz bilan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Shu bilan birgalikda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson qadr-qimmatini ta’minlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qancha hujjatlar davlat rahbari tomonidan tasdiqlandi.

Prezident 2023 yilda ishtirok etgan barcha xalqaro darajadagi tadbirlardagi nutqida 5 ta asosiy masalaga urg‘u berdi, bu muammolar mintaqa uchun ham dunyo davlatlari uchun ham juda muhim hisoblanadi.

Shulardan birinchisi, Afg‘oniston masalasi. Prezidentimiz Afg‘onistondagi muammolarni hal etish nafaqat mintaqa xavfsizligi, balki global xavfsizlik uchun ham ahamiyatli ekanini afg‘on xalqi hayotini yaxshilashga munosib hissa qo‘shish muhimligini «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz» davlatlari sammitida aytib o‘tdi.

Shu nuqtai nazardan, Shanxay hamkorlik tashkiloti kengashida «SHHT – Afg‘oniston» muloqot guruhi orqali birgalikdagi sa’y-harakatlar va muhokamalarni jonlantirish muhimligini yana bir bor ta’kidladilar. Ushbu tashabbusning muvaffaqiyati Afg‘onistonning barqaror siyosiy yechimini topishdan manfaatdor bo‘lgan Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilari va Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning siyosiy irodasiga bog‘liq.

Bunga qo‘shimcha sifatida, BMTning bunday sa’y-harakatlarga yetakchilik qilishdagi muhim roli va uning boshchiligida Afg‘oniston bo‘yicha birlashgan, moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani shakllantirish prinsipial ahamiyatini ta’kidladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi hamkorlik va hamjihatlik Afg‘oniston oldida turgan ko‘p qirrali muammolarni hal qilish va afg‘on xalqi uchun uzoq muddatli barqarorlik va farovonlik yo‘lida harakat qilishda muhim ahamiyatga egadir.

Keyingi masala ekologik o‘zgarishlar bo‘lib unda prezidentimiz dunyoda keskin ekologik vaziyat kuzatilayotgani, sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayotganligini, mintaqamizda esa Orol dengizi fojiasi katta muammolar keltirib chiqarayotganini barcha o‘rinlarda ta’kidlab o‘tgan. Bu muammolarga yechim sifatida 2024 yilda Samarqand xalqaro iqlim forumida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining «Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik» rezolyutsiyasini muhokama etib qabul qilish tashabbusini ilgari surganlar. Shu bilan bigalikda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishini; yurtimizda ochilayotgan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti negizida birgalikda xalqaro tadqiqotlar dasturida ishtirok etishni; vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzishni; SPEKA doirasida esa ko‘p qirrali «Yashil strategiyasi»ni qabul qilish takliflarini bergan.

Xalqaro transport yo‘nalishlari bo‘yicha prezidentimiz yuqori darajadagi sammit va uchrashuvlarda Trans-Yevroosiyo avtomobil yo‘lining ustuvor loyihasi, «Shimol-Janub» xalqaro yo‘laklarining ahamiyati, «Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temir yo‘li va Trans-Afg‘on temir yo‘li kabi strategik loyihalarni rivojlantirishga e’tibor qaratgan. Davlat rahbari «Shimol-Janub» xalqaro yo‘laklarining ahamiyatini, barqaror logistika zanjirlarini yaratish va davlatlar orasida optimal tarif siyosatini hal etishni ta’kidlagan. Shuningdek, asosiy e’tibor hamkorlikni mustahkamlash, barqaror logistika zanjirlarini yaratish, yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash maqsadida tarif siyosatini hal etishga qaratilgan. Taklif etilayotgan yechimlar o‘zaro bog‘langan transport yo‘laklarini shakllantirish, transport-logistika va port infratuzilmalarini kengaytirish, ishtirokchi davlatlar o‘rtasida muntazam muloqot va muvofiqlashtirish orqali aniq takliflarni ishlab chiqish va amalga oshirishni o‘z ichiga oladi. Ko‘rinib turibdiki, asosiy e’tibor mintaqa uchun samarali va tejamkor transport yechimlarini yaratish maqsadida transport aloqasi va tranzit yo‘nalishlarini yaxshilash orqali iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Bilamizki, turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda respublikada sohani rivojlantirish uchun bir qancha ishlar amalga oshirilib kelmoqda: bunda 55 davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etilgani, mehmonxona o‘rinlari soni 140 mingtaga yetkazilgani, 70 ta yangi sayyohlik marshruti ochilgani, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshlagani, turizmdan tushayotgan daromad 4 barobarga oshganini alohida ta’kidlashimiz mumkin. Davlat rahbari hozirgi kunda transchegaraviy yo‘nalishlar tobora ommalashayotganini hisobga olib, qo‘shma turistik marshrutlarni joriy etish bunda aynan «Ko‘rfaz – Markaziy Osiyo» yagona vizasiz sayyohlik makonini yaratish, «Ipak yo‘li» sayyohlik brendi ostida umumiy sayyohlik dasturlarini ko‘paytirishni, shu bilan birgalikda inklyuziv va yoshlar turizmi bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni taklif etgan.

Ma’lumki, hozirgi kunda mintaqamiz aholisining deyarli yarmi yosh avlod vakillari bu esa Prezidentimizning ularga bo‘lgan e’tiborlarini yanada oshirmoqda. Shu boisdan yuqori minbarlarda turib yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi, ularning ta’limiga investitsiya kiritish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, boshqa mintaqalarning ilg‘or tajriba va yutuqlarini o‘rganishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni va uning doirasida «Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030» dasturini ishlab chiqishni taklif etdilar.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, ko‘rib chiqilgan bunday dolzarb mavzularni hech qaysi mamlakat yoki tashkilot yakka holda yecha olmaydi, buning uchun davlat rahbari ta’kidlagandek, davlatlararo har qanday ziddiyatlarni chetga surgan holda o‘zaro hamjihatlikda va ko‘p qirrali konstruktiv muloqot va amaliy choralar ko‘rish orqali yechish mumkin. Kelgusi yillarda yurtimizning har bir fuqarosi suv va yashil iqtisodiyot muammolariga befarq bo‘lmasligi, jahon iqtisodiyotida mamlakatimizning o‘rnini mustahkamlash uchun tashlangan qadam bo‘lib xizmat qiladi.

 Ziyodullo RAXMATOV,

Toshkent davlat transport universiteti 

korporativ boshqaruv kafedrasi mudiri, dotsent

Ahmadjon ODILOV,

Toshkent davlat transport universiteti 

magistratura talabasi.

O‘zA