Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Yangi O‘zbekiston yulduzlari» milliy mukofoti xalqaro maydonga chiqmoqda
15:35 / 2026-01-26

Madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli loyihalardan biri — «Yangi O‘zbekiston yulduzlari» milliy mukofoti joriy yilda o‘zgacha ruh va keng qamrov bilan o‘tkazilishi kutilmoqda.

To‘rtinchi bor tashkil etilayotgan ushbu tadbirga qator yangiliklar kiritildi. Xususan, ilk marotaba xorijiy davlatlarda o‘zbek madaniyati va san’atini faol targ‘ib qilayotgan hamdo‘stlik mamlakatlari vakillari uchun «Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi» nominatsiyasi joriy etildi. Ushbu yangilik mukofotning xalqaro darajaga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

Tantanali marosimda qator xalqaro mehmonlar ishtiroki kutilmoqda. Jumladan, 2025 yilda dunyo miqyosida xitga aylangan «Homay» qo‘shig‘i ijrochilari — Boshqirdistonning «Ay Yola» guruhi O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Shuningdek, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti Nigina Amonqulova, Ozarbayjon xalq artisti Mensum Ibrahimov hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon xalq artisti Gulyanaq Memedova mehmon sifatida qatnashadi.

Bugungi kunga qadar mukofot doirasida 20 ta nominatsiya bo‘yicha 60 nafar ijodkor munosib deb topilib, rag‘batlantirilgan. Ayni paytda navbatdagi 20 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash maqsadida Milliytanlov.uz platformasi orqali ochiq ovoz berish jarayoni davom etmoqda.

Mukofot 2025 yil davomida madaniyat va san’at sohasida yuksak natijalarga erishgan, respublika va xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etgan soha vakillariga topshiriladi. G‘oliblar «Yilning eng yaxshi erkak va ayol maqom xonandasi», «Yilning eng yaxshi opera ijrochisi», «Yilning eng yaxshi spektakli», «Yilning eng yaxshi teatr aktyori va aktrisasi», «Yilning eng yaxshi badiiy filmi» kabi jami 20 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlanadi.

Yangi joriy etilgan «Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi» nominatsiyasiga ilk bor yaponiyalik Mashu Komazaki, qozog‘istonlik Arman Nurmaxamatuli hamda ozarbayjonlik Sahib Pashshazade nomzod sifatida ko‘rsatildi.

Mukofot sohiblari maxsus statuetka va sertifikat, shuningdek, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Aziza Alimova, O‘zA