Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofotini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofoti mamlakatimiz madaniyati va san’atini yuksaltirish, uning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishda salmoqli, serqirra ijodi bilan katta hissa qo‘shgan iste’dodli ijodkorlarni munosib taqdirlash maqsadida o‘tkaziladi.

Mukofotga teatr, sirk, musiqa sohasining estrada, an’anaviy, akademik, folklor, bastakorlik, kompozitorlik, raqs, shuningdek, tasviriy va amaliy san’at, badiiy ijod hamda madaniyat va san’atning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan soha vakillari orasidan nomzodlar ko‘rsatilishi mumkin.
Nizomga ko‘ra, nomzodlarni ko‘rib chiqish va tanlab olish quyidagi ikki bosqichda amalga oshirildi.
Birinchi bosqichda madaniyat va san’at sohasidagi ijodkorlarni yil yakuni bo‘yicha ijodiy faoliyatida erishgan yutuqlaridan kelib chiqqan holda nomzodlarni ko‘rib chiqish va tanlab olish mukofot komissiyasi tomonidan amalga oshirildi.
Ikkinchi bosqichda komissiya xulosasiga asosan eng yuqori baholangan ijodkorlar jamoatchilik tanlovidan o‘tkazildi. Bunda 20 ta nominatsiya bo‘yicha har bir yo‘nalishda eng yaxshi 3 nafar nomzod tanlab olinib, ovozga qo‘yildi.

Tantanali tadbirda ko‘plab nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Jumladan, “Kino, teatr va ommaviy tomoshalar” yo‘nalishida – “Yilning eng yaxshi spektakli”, “Yilning eng yaxshi badiiy filmi”, “Yilning eng yaxshi qo‘g‘irchoq spektakli”, “Yilning eng yaxshi teatr aktyori”, “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi”, “Yilning eng yaxshi teatr rejissyori”, “Yilning eng yaxshi askiyachisi”, “Yilning eng yaxshi sirk artisti” aniqlandi.
“Estrada va an’anaviy, opera xonandaligi, musiqa ijrochiligi va raqs san’ati” yo‘nalishida “Yilning eng yaxshi an’anaviy erkak xonandasi”, “Yilning eng yaxshi an’anaviy ayol xonandasi”, “Yilning eng yaxshi opera ijrochisi”, “Yilning eng yaxshi estrada erkak xonandasi”, “Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi”, “Yilning eng yaxshi simfonik orkestri”, “Yilning eng yaxshi raqqosasi”, “Yilning eng yaxshi yosh baxshisi” g‘oliblari taqdirlandi.

“Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishida “Aholiga xizmat qilgan yilning eng yaxshi kutubxonasi”, “Yilning eng yaxshi adibi (shoiri)”, “Yilning eng yaxshi milliy madaniyat markazi” aniqlandi.
Masalan, “Yilning eng yaxshi askiyachisi” nominatsiyasida Mamasidiq Alixonov, “Yilning eng yaxshi sirk artisti” nominatsiyasida Yunus Boboqulov, “Yilning eng yaxshi qo‘g‘irchoq spektakli” nominatsiyasida Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatrining “Cho‘pon afsonasi” spektakli, “Yilning eng yaxshi badiiy filmi” nominatsiyasida “O‘zbek qizi” badiiy filmi, “Yilning eng yaxshi teatr rejissyori” nominatsiyasida Doston Xaqberdiyev, “Yilning eng yaxshi teatr aktyori” nominatsiyasida Azizbek Nazarimbetov, “Yilning eng yaxshi teatr aktrisasi” nominatsiyasida Shohsanam Obloqulova g‘olib bo‘ldi.
Mukofotga sazovor bo‘lgan ijodkorlar bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi hamda maxsus statuetka va sertifikat topshirildi.
Tantanali tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA