Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Yangi O‘zbekiston yoshlari” — tuman bosqichi g‘olibi
12:08 / 2026-03-10

Yoshlarning teatr san’atiga qiziqishini oshirish, ularning ijodiy salohiyatini namoyon etish hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Turon” maktab teatri respublika tanlovi ikkinchi bor mamlakat miqyosida o‘tkazilmoqda. Ayni paytda tanlovning hududiy bosqichlari qizg‘in va esda qolarli lahzalarga boy tarzda tashkil etilmoqda.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi Bolalar musiqa va san’at maktabida mazkur tanlovning tuman bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan umumta’lim maktablarining iqtidorli o‘quvchilari tomonidan sahnalashtirilgan badiiy chiqishlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari hamda mazmunli spektakllar namoyish etildi. Har bir jamoa o‘zining ijodiy yondashuvi, sahna madaniyati va aktyorlik mahorati bilan tomoshabinlar hamda hakamlar hay’atida katta taassurot qoldirdi.

Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning sahna madaniyati, ijodiy yondashuvi, rollarning ta’sirchan talqini hamda spektakl mazmunini tomoshabinga yetkazish mahoratini inobatga olgan holda eng munosib jamoalarni aniqladi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rinni hamda viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini Mirzaobod tumanidagi 25-sonli umumta’lim maktabining “Yangi O‘zbekiston yoshlari” jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin 21-sonli umumta’lim maktabining “Yoshlar” jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 3-o‘ringa 7-sonli umumta’lim maktabining “Ma’rifat” jamoasi sazovor bo‘ldi.

Taqdirlash marosimida Mirzaobod tuman hokimi o‘rinbosari Sirojiddin Kenjayev hamda Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakili Nargiza Xolboyevalar ishtirok etishib, g‘olib va faol ishtirokchilarni muborakbod etishdi. Ular yoshlarning san’at va madaniyatga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishda bunday tanlovlarning ahamiyati katta ekanini ta’kidlashdi.

Tadbir yakunida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan jamoalarga tuman hokimligining diplom va pul mukofotlari topshirildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri