Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston yoshlari Chirchiq shahrida jam bo‘ladi
17:35 / 2021-05-12

Toshkent viloyati hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida joriy yilning 14-16 may kunlari Toshkent viloyati Chirchiq shahrida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivali bo‘lib o‘tadi.

Ma’lumki, 2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, bu borada Davlat dasturi qabul qilindi. Prezidentimiz raisligida joriy 13 aprel kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan edi. Turli festival va musobaqalar o‘tkazib, yoshlarni sport, madaniyat va san’atga qiziqtirish, nufuzli xalqaro tanlovlarga olib chiqish izchil davom ettirilishi qayd etildi.

Shuni alohida e’tiborga olgan holda Chirchiq shahrida o‘tkaziladigan festivalning qamrovi keng bo‘ladi. Ayni paytda bu yerda tayyorgarlik qizg‘in.

–Yoshlarning jo‘shqinligi va shijoati mamlakat taraqqiyoti uchun beqiyos kuchdir, – deydi viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zuhra Mirgaziyeva. – Ular qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, kelajakka ishonchini oshirish azaliy an’ana va qadriyatlarning umrboqiyligini ham ta’minlaydi. Shu bois yurtimizda aynan yoshlar masalasiga e’tibor davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tadigan uch kunlik festival ham aslida shunday yuksak g‘oyani amalga oshirishni maqsad qilgan. Mazkur tadbirda boshqa viloyatlardan ham yoshlar taklif qilingan. Umumiy hisobda 15 ming nafar yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgan. Bo‘lib o‘tadigan turli ko‘ngilochar shou-dasturlar, mashhur biznesmenlardan treninglar, sportchilardan master klass, dizayner va moda defilelari bo‘lib o‘tadi. Shuningek, 50 nafar bolalarning sunnat to‘yi o‘tkaziladi. Yugurish va velomarafon, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarni ish bilan ta’minlash borasida amaliy ishlar qilinadi.

Ta’kidlash joizki yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish uchun o‘tkazilayotgan ushbu ommaviy tadbir uchun intellektual o‘yinlar, raqs maydoni, ayollar uchun maxsus klub, gastronomik va bolalar shaharchasi barpo etilgan. Bu yerga kelganlarni o‘zgacha kayfiyat qamrab olishi shubhasiz. Sababi teatr sahna ko‘rinishlari, dorbozlar o‘yinlari ham bo‘lib o‘tadi.

O‘z navbatida sportga qiziquvchi yoshlar uchun jahon va mamlakatimiz miqyosida professional tarzda faoliyat yuritayotgan sportchilar o‘z mahoratini namoyish etadi. Harbiylarimiz ishtirokidagi vatanparvarlik tadbirlari, harbiy texnikalar va qurollar ko‘rgazmasi festivalga o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi.

 

A.Musayev,  O.G‘ulomov, O‘zA