Buxoro davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan “BuxDUda dolzarb bir kun” yoshlar festivali yuqori saviyada tashkil etildi.
Festival doirasidagi muhim tadbirlardan biri sifatida BuxDU rektori boshchiligida oliy ta’lim muassasalari vakillari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida an’anaviy “Ziyorat velomarafoni” tashkil etildi. Unda ishtirokchilar qadimiy Chor Bakr yodgorlik majmuasida bo‘ldi, tarixiy-me’moriy meros bilan yaqindan tanishdi.
Yoshlar festivalining yana bir e’tiborga molik jihati – huquqiy ongni oshirishga xizmat qiluvchi “Yoshlar huquqiy sayli” bo‘ldi. Viloyat adliya boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 10 ga yaqin tashkilot maxsus texnik vositalar va jihozlar taqdimotini o‘tkazdi. Yoshlar Milliy gvardiya, FVV, Yong‘in xavfsizligi xizmati kabi tuzilmalar faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
[gallery-24114]
Festival doirasida “Yoshlar karerasi va bandligi” ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Ko‘rgazmada bir nechta tashkilot va ish beruvchilar – sog‘liqni saqlash tizimi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari, xususiy sektor vakillari ishtirok etib, yoshlarga mavjud ish o‘rinlari va stajirovka imkoniyatlarini taqdim etdi.
“Ochiq eshiklar kuni” doirasida fakultetlar va ilmiy laboratoriyalar faoliyati namoyish etildi. Jumladan, Kimyo va neft-gaz texnologiyalari kafedrasida “Dorishunoslik”, “Qiziqarli kimyo” va “Neft-gaz kimyosi asoslari” to‘garaklari qiziqarli tajribalar bilan tanishtirildi. Biotexnologiya va oziq-ovqat kafedrasida esa “Yosh baliqchi” va “Algologiya va mikologiya” kabi to‘garaklar faoliyati taqdim etildi.
Shuningdek, taniqli dramaturg Laziz Navro‘zov asari asosida sahnalashtirilgan “Buxoroga sayohat” komediyasi spektakli viloyat musiqali drama teatri tomonidan namoyish etildi. Shu bilan birga yoshlar uchun 90 daqiqa davomida milliy kinematografiya namunalari, xususan “Islomxo‘ja” badiiy-tarixiy filmi ko‘rsatildi.
Festival davomida universitet sport zallarida futbol, kurash, boks, voleybol, basketbol kabi sport turlarida ko‘rgazmali musobaqalar o‘tkazildi. Jismoniy tarbiya va sport fakulteti tomonidan tashkil etilgan sport to‘garaklari faoliyati bilan ham yoshlarga tanishtirildi.
Rektor ishtirokidagi “Yoshlar ilmiy-innovatsion rivojlanadi” tadbiri universitet rektori Obidjon Xamidov tomonidan ochib berildi. U o‘z nutqida BuxDUda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar bepul to‘garaklar, chet tillarini o‘rganish imkoniyatlari, sun’iy intellekt, robototexnika, IT va boshqa zamonaviy fanlar bo‘yicha berilayotgan ta’lim haqida ma’lumot berdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.