Buxoroda 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Eski shahar qismidagi “Poyi Kalon” majmuasi, “Shahriston” maydoni va “Ark” qo‘rg‘oni atrofida “Besh tashabbus” loyihasi doirasidagi ko‘rgazma va dasturlar, “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazilmoqda.
Festival doirasida “Yosh oshpazlar” tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mas’ullar ishtirok etib, yoshlarning mahoratiga baho berdi. Tadbirida Botir Zaripov viloyat yoshlariga omadlar tiladi va turli sohalarda erishayotgan yutuqlariga alohida to‘xtaldi.
– Bugun ertamiz egalari qaysi sohada bo‘lmasin, o‘z o‘rniga ega. Ular o‘z sohalari rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Qolaversa, viloyat iqtisodiyotini harakatga keltiruvchi kuchga aylanmoqda. Buxorolik yoshlar bugun ilm-fanda ilg‘or, zamonaviy fikr, kreativ tashabbuslarga ega. Yoshlarimiz kichik biznesdan tortib yirik investitsion loyihalarni ham amalga oshirish qodir, – dedi Botir Zaripov.
[gallery-23824]
Tadbirda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi sifatida buxorolik yigit-qizlar qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlar alohida e’tirof etildi. Festivalda nogironligi bo‘lgan yoshlarning, shuningdek, ta’lim muassasalari, Barkamol avlod ijodiyot maktablari tarbiyalanuvchilarining hunarmandchilik yo‘nalishidagi asarlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Poyi Kalon majmuasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Tadbirning ochilishida so‘z olgan viloyat rahbari, ishtirokchi yoshlarni bayram bilan qizg‘in tabriklab, jamoalarga muvaffaqiyatlar tiladi.
“Zakovat” o‘yinining g‘oliblari viloyat hokimi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rin – Buxoro davlat tibbiyot institutining “Dream team” jamoasiga, 2-o‘rin – Buxoro davlat universitetining “F8” jamoasiga, 3-o‘rin – Buxoro davlat texnika universitetining “Misteriya” jamoasiga nasib etdi.
Yoshlar festivali konsert dasturi bilan davom etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.