Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida ma’rifiy-madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Taniqli olimlar, el sevgan san’atkorlar, iqtidorli yoshlar ishtirok etgan tadbirda yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekistonning mustaqillik yillarida, xususan, so‘nggi besh yillikda erishgan natijalari, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi.
– Mana bugun mahallamiz ahli uchun katta bayram tadbiri tashkil etildi, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Mashhura Abdurafiqova. – Dastlab yoshlarimiz qo‘l mehnati bilan yaratilgan hunarmandchilik mahsulotlari, chizgan rasmlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdim.
Ochig‘i lol qoldim. Hali 10 yoshga ham to‘lmagan o‘g‘il-qizlarimizning iste’dod va iqtidorlarini ko‘rib, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikka, Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan ishlar, ayniqsa, “Besh tashabbus loyihalari” bugun o‘z samarasini berayotganligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim.
– bugungi kunda biz, yoshlarga Davlatimiz rahbari tomonidan barcha imkoniyatlar va imtiyozlar yaratib berilmoqda. Faqatgina biz ulardan oqilona va unumli foydalanishimiz lozim. Bizga ishonch bildirilmoqdami, demak biz ham mas’uliyatni his qilgan holda bilim olishimiz, hunar o‘rganishimiz orqali yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shmog‘imiz darkor, – deydi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Suxrob Haydarov.
Tadbir davomida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mehriddin Rahmatov, “Shuhrat” medali sohibi Rasulxon Qodirxonov, xonandalar Dilfuza Qobilova, Otabek Mutalxo‘jayevlar tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari va kuy-qo‘shiqlar mahalla ahlida katta taassurot qoldirdi. Tadbir so‘ngida 2-sektor rahbari, Navoiy shahar prokurori Xudoyberdi Norqobilov mahallaning bir guruh faol vakillari va yosh sportchilarga “Tashakkurnoma”, “Diplom” va estalik sovg‘alarini topshirdi.
“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida o‘tkazilyotgan ma’rifiy-madaniy tadbirlar viloyat bo‘ylab davom etmoqda.



Abduvali Bo‘riyev, O‘zA