Jizzax viloyat sudida 2025 yilning birinchi yarim yillik yakunlariga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanda Jizzax viloyati sudi raisi Akram Shukurov so‘nggi yillarda “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili asosida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, inson qadri ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarining amaliyotdagi ifodasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Joriy yilning 1 yanvaridan boshlab milliy amaliyotga tatbiq etilgan tergov sudyalari instituti orqali himoya kafolatlari mustahkamlanmoqda, – dedi Akram Shukurov. – Bugungi kunda viloyatda 14 nafar tergov sudyasi faoliyat yuritmoqda. 2025 yilning birinchi yarim yilligida ular tomonidan 25 mingdan ziyod ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar, jinoyat materiallari, shu jumladan, sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llashga oid ishlar ko‘rib chiqilgan.
Tadbirda viloyat ma’muriy sudi raisi Sarvarbek Rahmonovning axboroti ham tinglandi.
[gallery-24373]
Birinchi yarim yillik davomida ma’muriy sudlar tomonidan eng ko‘p ko‘rilayotgan ishlar – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi qarorlarini haqiqiy emas deb hamda mansabdor shaxslarning harakat yoki harakatsizligini qonunga xilof deb topish bilan bog‘liq murojaatlar tashkil etganligi ta’kidlandi.
Tadbirda viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Rahmatilla Orziqulov jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatidagi muhim tendensiyalarga to‘xtalib, unda inson huquqlari, qonuniylik va adolat prinsiplari ta’minlanayotganini qayd etdi.
Ko‘rilgan ishlar bo‘yicha umumiy hisobda xususiy ajrimlar 87 foizni tashkil etgan. Ushbu ishlarning 80,6 foizi jinoyat sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan. Ulardan 14,5 foizi surishtiruv va dastlabki tergovda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lsa, 4,9 foizi boshqa sabablar asosida chiqarilganligi alohida ta’kidlandi.
2025 yilning birinchi yarmida jami 6 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan. Ulardan 2 nafari yuqori instansiya, 4 nafari esa birinchi instansiya sudlari tomonidan oqlangan.
– Sud majlislarining tarbiyaviy va profilaktik ahamiyatini oshirish, tomonlarga sud protsessida qatnashib, huquq va manfaatlarini himoya qilishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida ko‘rilgan ishlarning 46,5 foizi sayyor sud majlislarida hal etilgan, – dedi viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Jamol Qahhorov o‘z hisobotida. – Ko‘rilgan ishlarning 99,7 foizi bo‘yicha qabul qilingan sud qarorlarning barqarorligi ta’minlangan.
Jizzax viloyat sudining fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Nodirjon Rasulov o‘z hisobotida, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolar korxona, muassasa va tashkilotlarning buzilgan yoki nizolashayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, qolaversa, fuqarolarni sud organlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rib borilayotganligiga urg‘u berdi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari