O‘zbekistonda sudlar faoliyati haqida so‘z yuritilganda uning tarixiy rivojlanish shart-sharoitlarini o‘rganish alohida ahamiyatga ega. Chunki sud bugungi kunga kelguniga qadar muayyan tadrijiy rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tgan. Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi, huquqiy demokratik davlatning shakllanishi, shu jumladan, sud-huquq islohotlarini amalga oshirish, jamiyat a’zolarining demokratik huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda sudlarning ishonchli va samarali faoliyat yuritishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda oxirgi yetti yilda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari natijasida O‘zbekistonda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikka erishish uchun O‘zbekiston Respublikasining uchta qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining beshta farmoni va o‘ndan ortiq qarorlari qabul qilindi. Buning natijasida sud fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarining chinakam himoyachisiga aylantirish chora-tadbirlar amalga oshirilishiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yilning 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi 15-maqsadida mamlakatimizda sud tizimini yanada takomillashtirish va mustahkamlash, adolatli sudlovdan foydalanish imkoniyatini oshirishga qaratilgan vazifalar belgilangan. Mazkur sohadagi eng ustuvor vazifa – fuqarolar hamda tadbirkorlarning adolatli sudlovga ishonchini oshirish va shu orqali O‘zbekistonning dunyodagi qonun ustuvorligini ta’minlash indeksi faoliyati bo‘yicha rivojlangan davlatlar qatoriga kiritishdan iborat. Sud – hokimiyatning mustaqil tarmog‘i sifatida, o‘z mohiyatiga ko‘ra qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyatlaridan tubdan ajralib turadi hamda sud hokimiyatining mustaqilligi darajasi mamlakatdagi qonun ustuvorligi, erkinlik va adolat g‘oyalari naqadar ro‘yobga chiqarilganligi bilan chambarchas bog‘liq.
Darhaqiqat, sud faoliyatining mustaqilligining mezonlari sifatida adolatli sudlov ta’minlanganligi, sud qarorlarining yakuniy va barqarorligi darajasi, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyalanganligini ko‘rsatish mumkin.
Shu bilan birga “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilning 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan qabul qilinishi O‘zbekistonda sud-huquq islohotlarini amalga oshirishda yangi davrni boshlab berildi. Mazkur farmon bilan 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan Strategiya tasdiqlandi va mazkur strategiya sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish asosiy g‘oyasini tashkil etadi.
Mazkur Strategiya bilan O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari hamda istiqbolli vazifalari belgilandi, shuningdek, sohaga ilg‘or xalqaro standartlarni yanada keng joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
E’tiborli jihati shundan iboratki, sud tizimi oldida turgan dolzarb vazifalarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Oliy sud tuzilmasiga ham mavjud shtat birliklari doirasida bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti tashkil etildi. Unga sud faoliyati sohasidagi qonunchilikni hamda odil sudlov muammolarini tizimli tahlil qilish, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni, sud amaliyoti va sud ish yurituvi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifalari yuklatildi. Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi tashkil etilishi bilan sud faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yo‘li bilan aholiga muntazam, to‘liq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borishga erishiladigan bo‘ldi.
Shu bilan bir qatorda Oliy sud tuzilmasida yangi bo‘lgan Axborot-kommunikatsiya monitoringi – Vaziyatlar markazi tashkil etildi va uning asosiy vazifasi sifatida respublika bo‘yicha barcha sudlarda ishlarni ko‘rish bilan bog‘liq vaziyatni onlayn tahlil qilish, sudlarda aholining murojaatlari bilan ishlash hamda ishlarni ko‘rishda protsessual tartib va muddatlarga rioya etilishini monitoring qilib borish belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, farmonda sud tizimini qisqa muddatli 2023-2026 yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kompleks vazifalar belgilangan bo‘lib, ular pirovard natijada, sudlar tomonidan odil sudlovni samaradorligini oshirish, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarni qonuniyligi, asosligi va adolatliligini ta’minlashga erishilishi kerak.
Mazkur maqsadga erishish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi vakolatli davlat organlari bilan birgalikda jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning yangi tartibini joriy etish vazifasi yuklangan.
Amaldagi tartib bo‘yicha tuman (shahar) sudlari tomonidan ishlar birinchi instansiyada ko‘rilib, sud qarori qonuniy kuchga kirgunga qadar yigirma kun ichida berilgan shikoyat asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqiladi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rilgandan keyin, mazkur sudlar chiqargan, qonuniy kuchga kirgan qarorlar ustidan sudlanuvchi, mahkum yoki uning qonuniy vakili tomonidan berilgan shikoyat yohud tegishli sud raisi, prokuror va uning o‘rinbosarlari tomonidan kiritilgan protest asosida Oliy sudning tegishli sudlov hay’atlarida kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, sud qarorlari tegishli sud raisi hamda prokuror va uning o‘rinbosarlari tomonidan kiritilgan protest asosida Oliy sudning sudlov hay’atlarida takroran kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish tartibi mavjud.
Sudlarning mazkur tartibga asosan faoliyat yuritishi, yuqori instansiya sudlari, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida ishlarni qayta ko‘rilishi hajm jihatidan haddan tashqari ortib ketishiga olib keldi. Misol uchun, 2020 yilda Oliy sud tomonidan 1291 ta ish qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, 2021 yilda 7560 taga yetdi, 2022 yilning 1-yarmida 3411 ta ishni tashkil etadi. Mazkur statistika yuqori instansiya sudlari tomonidan odil sudlovni amalga oshirish kuch va resurslardan oqilona foydalanilmaganligini tasdiqlaydi.
Prezident tomonidan mazkur farmonning qabul qilinishi O‘zbekistonda sudlarning faoliyatini tashkil etishda tizimli va tub o‘zgarish yasalishiga sabab bo‘ldi. Endilikda yuqori instansiya sudlarida ish yuritishning mutlaqo yangi tartibi joriy qilinadi.
Jumladan, tuman (shahar) sudlari tomonidan ishlar birinchi instansiyada ko‘rilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan sudlarning tegishli sudlov hay’atida qonuniy kuchga kirmagan sud qaroriga (20 kun ichida) berilgan shikoyat asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgandan so‘ng, ya’ni yigirma kundan keyin berilgan shikoyat asosida kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqiladi, mazkur sudlar tomonidan apellyatsiya va kassatsiya tartibida qayta ko‘rilgan ishlar, aynan shu sudlarning Rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqiladi, mazkur sudlarning Rayosatida taftish tartibida ko‘rilgan ishlar esa, Oliy sudning tegishli sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqilishi tartibi o‘rnatildi.
Bundan tashqari, yuqori instansiya sudlari, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan sudlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilinadi va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyati yuklandi.
Yuqori instansiya sudlarida ishlarni taftish tartibida qayta ko‘rish deganda, sud qaroriga nisbatan tegishli shaxslar tomonidan berilgan shikoyat yoki kiritilgan protestda bayon etilgan vajlar bilan chegaralanmasdan, sud qarorlarining qonuniyligi, asosligi va adolatliligini to‘la hajmda, aniqrog‘i taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga majburligi tushuniladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, sud qarorini yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqish shikoyatda keltirilgan vajlardan qat’i nazar, barcha epizodlarda hamda shikoyat bergan va shikoyat bermagan barcha shaxslarga nisbatan to‘liq hajmda qayt ko‘rib chiqiladi.
Mazkur yangi tartib orqali qulay va soddalashtirilgan tartib yaratilib, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, butun sud tizimini yanada samarali faoliyat yuritishi uchun xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur o‘zgarishlar mazmun-mohiyati jihatidan sud-huquq tizimini isloh qilishga oid qonun hujjatlari normalarini tizimlashtirish va uyg‘unlashtirish, fuqarolar huquq va erkinlari, jamiyat va davlat manfaatlarining ta’sirchan va ishonchli muhofaza qilinishini takomillashtirish, shuningdek, sudlar tomonidan sud qarorlarini qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish bilan odil sudlovni ishonchli va samarali ta’minlashdan iboratdir.
Xayrulla QO‘CHQOROV,
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti
“Jinoiy-huquqiy fanlar” kafedrasi professori,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
O‘zA