Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” bo‘limi zamon shiddatini aks ettiradi
14:04 / 2025-07-21

Mamlakatimizda bugungi kunda kechayotgan shiddatli islohotlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida shakllantirilayotgan yangi ekspozitsiyada o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

Markaz axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, muzeyning “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” deb nomlangan bo‘limida infografikalar, interaktiv displeylar, gologrammalar, raqamli xaritalar, immersiv videolar hamda real maket va modellardan foydalaniladi.

Markaz tarkibidagi muzey beshta asosiy bo‘limni qamrab oladi. Ular orqali O‘zbekistonning qariyb 3 ming yillik tarixiy taraqqiyoti davomidagi eng muhim bosqichlar keng yoritiladi.

Xususan, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” deb nomlangan bo‘limda so‘nggi 8 yil mobaynida yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar, ulkan yutuqlar zamonaviy muzey texnologiyalari asosida taqdim etiladi.

Bu bo‘limdagi 9 ta asosiy yo‘nalish orqali mamlakatimizning ijtimoiy, ilmiy, madaniy va iqtisodiy sohalardagi taraqqiyoti o‘z ifodasini topadi. Ayniqsa, iqtisodiy islohotlarga bag‘ishlangan qismda shaharsozlik, yashil energiya, agrotexnologiya, infratuzilma va transport sohalariga oid eksponatlar alohida o‘rin tutadi.

Ekspozitsiyada “Tashkent City” majmuasi, Samarqand xalqaro aeroporti, quyosh va shamol elektr stansiyalarining modeli, yangi yo‘l va temir yo‘l infratuzilmasini aks ettiruvchi maketlar orqali iqtisodiy rivojlanish vizual tarzda yoritiladi.

Yaqinda markazda o‘tkazilgan yig‘ilishda mutaxassislar tomonidan ushbu bo‘limni takomillashtirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Unda “Tomoshabin muzeyga nimani ko‘rish uchun kiradi?” degan savol asosida yangi muzey yondashuvlari muhokama qilindi.

Xususan, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Kamola Nishonova iqtisodiy taraqqiyot kabi murakkab mavzularni taqdim etishda faqat ekranli texnologiyalarga bog‘lanib qolmaslik, real eksponatlar va turli interfaol elementlarni uyg‘unlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Bir so‘z bilan aytganda, "Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori" deb nomlangan bo‘limda zamonaviy taraqqiyotimiz muzey “tili”da taqdim etiladi. Bu esa Islom sivilizatsiyasi markazi nainki o‘tmish, balki bugungi O‘zbekiston taraqqiyotini ham tahlil qiladigan, kelajakni ko‘zlagan ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida shakllanayotganidan darak beradi.

N.Usmonova,

O‘zA