Yangi men
O‘z hayotingizni tasavvur qiling. Siz yanada baxtli inson bo‘lishni doim xohlagansiz. Sizda yanada ko‘proq imkoniyat bo‘lsa, shaxsiy yutuqlaringiz ko‘paysa, qaysidir muammolaringiz hal bo‘lsa hayotga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlaysiz.Shunday kun keladiki, siz o‘zingizni va hayotingizni yangi bosqichga ko‘tarish kerakligini anglab yetasiz. Aniqrog‘i, sizda baxtli yashash istagi mavjud edi va siz bu istakni maqsadga aylantirasiz.
Ishoning, bu holatga ramziy ma’noda “Yangi men” deb nom bersangiz to‘g‘ri bo‘ladi. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi ham mana shu tarzda dunyoga kelgan.
Xatolarni tuzatish formulasi
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi dunyoga kelgunga qadar ham biz mustaqil edik. Hayotimizda maqtashga va maqtanishga arzigulik yutuqlar ko‘p bo‘lgan. Biz chin ma’noda millatni yangi darajaga olib chiqa olgan edik. Lekin xato va kamchiliklardan ham xoli bo‘lmaganmiz. Mana shu vaziyatda hayotimizni yangi darajaga olib chiqish uchun, mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish uchun Yangi O‘zbekiston g‘oyasidan foydalandik va foydalanayapmiz.
Demak, Yangi O‘zbekiston g‘oyasining mohiyatida ikki harakat mavjud:
– mavjud xatolarni aniqlash va ularni tuzatish;
– rivojlanish uchun yangi tajribalarni amalga oshirish.
Masalan, “so‘z erkinligini cheklash” tushunchasiga xato sifatida qaraymiz va uni tuzatish uchun “so‘z erkinligini ta’minlash” masalasini o‘rtaga tashlaymiz. Harakatning ikkinchi bosqichida so‘z erkinligini ta’minlashga oid turli amaliy ishlar va tajribalarni ro‘yobga chiqaramiz. Qarabsizki, natijaga ma’lum darajada yaqinlashamiz.
Bu formulani o‘zingizga nisbatan qo‘llab qo‘ring. Siz maqsadga erishishda doim ishtiyoqsizlik qilasiz. Bu sizdagi xato va siz “Yangi men” darajasiga ko‘tarilishi uchun birinchi navbatda mana shu xatoga barham berishingiz kerak. Joiz bo‘lsa, bu xatodan uzoqlashish va yanada ko‘proq ishtiyoqqa ega bo‘lish uchun turli tajribalarni amalga oshirishingiz kerak.
“Yangi” so‘zining mohiyati mana shunda. E’tibor qaratadigan bo‘lsak, qisqa fursatda “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “so‘z erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” singari fundamental demokratik tushunchalar va hayotiy ko‘nikmalar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Tajribalardan tajriba to‘plash
Shu kunlarda moliyaviy barqarorlikka erisha olmayotganimni o‘zimdagi xato sifatida baholadim. Yechimini topish uchun tadbirkorlikka qo‘l urdim. Lekin 2 oydan keyin tadbirkorlik mas’uliyati menga og‘irlik qilishini tushunib yetdim va bu vaziyat men uchun yaxshigina tajriba bo‘ldi. Lekin “2 oyga sabring yetarkan, nega bu ishni boshlading?”, “Tadbirkorlik qilish oson deb senga kim aytdi?”, “Avvalroq o‘ylab ko‘rsang bo‘lmasmidi?”, deb gapirganlar ham bo‘ldi. Axir men amalda sinab ko‘rmaguncha natija haqida fikr bildira olmasdim...
Yangi O‘zbekiston g‘oyasi ostida amalga oshirilayotgan ayrim tajribalar haqida ham odamlar shoshma-shosharlik bilan fikr bildirishadi. Birinchi urinish muvafaqqiyatli bo‘lishi qiyin. Hech kim birinchi urinishdayoq, qulflangan eshikka kalit topa olmaydi. Izlanish bor joyda kamchilik bo‘ladi va buni hech kim inkor eta olmaydi.
Shunday ekan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir yangi islohotga bir tajriba sifatida qarang va o‘z munosabatingizni xolis bildiring. Siz ham tajribalardan tajriba orttirganingiz uchun shu kunlargacha yetib kelgansiz.
Jamiyatga “doktor”lar kerak
Yangi O‘zbekiston g‘oyasini velosipedga o‘xshatish mumkin. Uni harakatlantirish va boshqarish o‘zimizga bog‘liq. Bu g‘oya tilaklarni amalga oshiradigan “oltin baliqcha” emas. Deylik, qonun ustuvorligi haqida gap ketsayu, biz qonunni pisand qilmasak, gender tenglik haqida bong urilsayu, jamiyat ayollarni qadrlamasa, iqtisodiy faoliyatga erkinlik berilsayu, biz buni suiiste’mol qilsak, Yangi O‘zbekiston hom-xayolligicha qolaveradi. Shunday ekan, manzilga yetib borish uchun, yo‘lda yiqilmaslik va adashmaslik uchun “velosiped”ga yaqinlashing. G‘oyaga yaqinlashing va uni amalga oshirishda ishtirokchiga aylaning.
Insonlar ikki xil toifaga bo‘linadi. Biri muammo yuzaga keltiruvchi bemorlar, ikkinchisi muammolarni hal etuvchi doktorlar. Tasavvur qiling, siz mamlakat iqtisod tizimida, ta’lim sohasida, jurnalistikada, tibbiyotda, san’atda yoki ijtimoiy munosabatlarda muammo ko‘rdingiz va siz bu muammoni kuchaytirish haqida emas davolash haqida o‘ylang. Masalan, o‘zingizdagi, o‘z oilangizdagi muammolarni “davolash”dan boshlang. Siz agar o‘zingizni nazorat qila olmasangiz va boshqara olmasangiz dunyodagi eng qimmat g‘oyalar ham sizga yordam bera olmaydi. Agar jamiyatda hammamiz “doktor” bo‘lsak, na bemor, na kasallik bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekiston g‘oyasining asl mazmuni mana shu emasmi – hammamiz bu yangi bosqichga birgalikda, bir kuch bo‘lib ko‘tarila olamiz.
Yangi men – Yangi O‘zbekiston
Yangi O‘zbekiston g‘oyasini o‘z hayotingizga olib kiring. Toki bu g‘oya xususida anglamasdan jimjimador fikr bildiradiganlar emas, uni ro‘yobga chiqaradiganlar ko‘proq kerak. Biz yangilikni o‘zimizdan boshlaymiz va o‘z-o‘zidan hayotimizga Yangi O‘zbekiston kirib keladi. Davlatimiz rahbari aytganidek, Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir.
Sirojiddin RUSTAMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy banki yetakchi mutaxassisi
O‘zA