Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston – yangi islohotlar
15:01 / 2021-10-21

Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar bilan hamohang holda davlat va jamiyat qurilishi tizimini yanada takomillashtirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, milliy saylov qonunchiligimiz umume’tirof etilgan xalqaro prinsip va normalarga to‘la mos holda huquqiy jihatdan yanada rivojlantirildi, liberallashtirildi va saylov amaliyotini modernizatsiyalash yo‘lida yangi bosqich boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabussi bilan mamlakatimiz tarixida birinchi marta bir nechta qonunlarning o‘rniga tizimlashtirilgan “O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi” tayyorlandi va joriy yilning 25 iyunida “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Ilgari saylovlarni o‘tkazish tartibi alohida-alohida normativ huquqiy-hujjatlar bilan tartibga solingan edi. Ushbu kodeks bilan Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish tartibi belgilab berildi.

Ma’lumki, saylovoldi tashviqoti saylov kampaniyasining muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, bir oydan ortiq vaqt davom etadigan ushbu tashviqotlar saylovga bir kun qolganda to‘xtatiladi. Aynan saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalar va nomzodlar saylovchining ovozi uchun kurash maydoniga chiqadi, o‘zaro raqobat qiladi va tashviqotlar natijalari bo‘yicha saylovchilarimiz qaysi partiya va nomzodga ovoz berish to‘g‘risida uzil-kesil bir to‘xtamga keladi.  

Fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga nisbatan faol bo‘lishi uchun ta’lim muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda tibbiyot muassasalarida uchrashuvlar davom etmoqda.

Ushbu jarayonlarda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari ham faol. Toshkent shahridagi saylov uchastkalariga TDYUUning professor-o‘qituvchilari biriktirilgan bo‘lib, belgilangan va tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. Aholi orasida keng targ‘ibot ishlarida qatnashmoqda.  

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashabbusi bilan “Saylov – 2021: Kelajaging uchun ovoz ber!” shiori ostidagi “Targ‘ibot poyezdi” loyihasiga start berildi va bu loyiha bilan aynan siyosiy jarayon oldidan oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimidagi OTM professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlari va xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yanada oshirish maqsad qilingan.

Ushbu loyiha asosida 14 ta hudud bo‘ylab “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi amalga oshirildi.  

Mazkur siyosiy jarayonda talabalarning faol ishtirokini ta’minlash, saylovga oid bilimlarini mustahkamlash, ularga Vatanimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini yetkazish aynan “Targ‘ibot poyezdi” loyihasi orqali amalga oshirildi. Ushbu jarayonda yoshlarning saylov qonunchiligi haqidagi muhim bilimlarni egallashi, saylovga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar haqidagi tushunchalarning mazmun-mohiyatini tushunishi, talqin qila olishi hamda ulardan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi muhim hisoblanadi.

Loyiha doirasida Toshkent davlat yuridik universitetining malakali professor-o‘qituvchilari boshchiligidagi iqtidorli talabalardan iborat targ‘ibot guruhlari tomonidan hududlardagi oliy ta’lim muassasalari va filiallari talabalarining saylovga oid bilimlarini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarlari, ma’naviy tadbirlar tashkil qilindi.  

Shuni ta’kidlash zarur, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy jarayondir. Zero, Vatanimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi saylov ishtirokchilarining faolligi, siyosiy yetukligi va pirovard natijada saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog‘liqdir.

 

U.Haydarova,

Toshkent davlat yuridik universiteti Xorijiy tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi.

 

O‘zA