Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatidagi milliy, xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, ochiqlik sari qo‘yilayotgan qadamlar o‘z natijalarini berayotganini Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekiston poytaxti – azim Toshkent shahrida o‘tkazilganining o‘zi tasdiqlaydi.
181 ta milliy parlament, 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoq Assambleyasi mamlakatimizda o‘tkazilgani dunyo davlatlari va tashkilotlarining Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va oshkoralik sari dadil qadamlar qo‘yayotganiga bildirilgan ishonchining yorqin namunasi hamdir.
Ushbu assambleyada Prezidentimiz O‘zbekistonning ichki siyosati yoki muammolarini emas, butun dunyo xalqlarini, insoniyatni qiynab kelayotgan muammolar haqida so‘z yuritib, ularga yechim topish faqatgina hamjihatlikda ekanligini ta’kidlaganini barcha ishtirokchilar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Bu esa Yangi O‘zbekistonni dunyo eshitayotganini ko‘rsatibgina qolmay har bir vatandoshimiz qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishlamoqda.

Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqlarida: “So‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazadi, ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtiradi, pirovard natijada odamlarning imkoniyatlarini cheklaydi. Albatta, bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizdir”, deb alohida ta’kidlagan holda barcha davlatlarni hamjihatlikda harakat qilishga chorladi.
Vaholanki, Yangi O‘zbekistonda aholini kambag‘allikdan chiqarish, to‘kin va farovon hayot kechirishiga xizmat qiluvchi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Demakki, dunyo davlatlari O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Shu o‘rinda yana bir gap.
Prezidentimiz Ukraina atrofidagi vaziyat, Falastin – Isroil nizosi, qo‘shni Afg‘oniston taqdiri, sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishlari, xotin-qizlar huquqlari kabi dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan global masalalarni dunyo siyosatchilari hamda parlamentlari vakillari e’tiboriga taqdim etar ekan, ularni bartaraf etish yuzasidan Yangi O‘zbekistonning milliy tashqi siyosatidan kelib chiqqan holda o‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.
Ta’kidlash joizki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining saylovoldi dasturining VII bandida ham mamlakatimizning xalqaro maydonda milliy manfaatlar ustuvorligi, dunyo hamjamiyati bilan munosabatlarda tinchliksevar tashqi siyosatni qo‘llab-quvvatlash alohida belgilab o‘tilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar sari dadil odimlamoqda.
Ilhom Rajabov,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
Navoiy viloyati Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA