Munosabat
Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatidagi milliy, xalq va davlat manfaatlaridan kelib chiqib, ochiqlik sari qo‘yilayotgan qadamlar o‘z natijalarini berayotganini Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda o‘tkazilayotganining o‘zi tasdiqlaydi. 181 ta milliy parlament, 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoq Assambleyasi mamlakatimizda o‘tkazilayotgani dunyo davlatlari va tashkilotlarining Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va oshkoralik sari dalil qadamlar qo‘yayotganiga bildirilgan ishonchining yorqin namunasidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida o‘tkazilgan Assambleya tom ma’noda Yangi O‘zbekistonning tinchlikparvar va oqilona siyosatini butun dunyo tan olayotganini, Yangi O‘zbekiston uchun dunyo darvozalari ochiqlanayotganining amaldagi ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu assambleyada Prezidentimiz so‘zlagan nutqida faqat O‘zbekistonning ichki siyosati yoki muammolarini emas, butun dunyo xalqlari, insoniyatni qiynab kelayotgan muammolarni olib chiqib, ularga yechim topish faqatgina hamjihatlikda ekanligini ta’kidlaganini barcha ishtirokchilar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlayotgani Yangi O‘zbekistonni dunyo eshitayotganini ko‘rsatibgina qolmay har bir vatandoshimiz ko‘ksida g‘urur va iftixor bag‘ishladi.
Jumladan, Prezidentimiz o‘z nutqida “...Сўнгги o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Lekin, afsuski, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 million nafari qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu holat iqtisodiyot va jamiyatga katta zarar yetkazadi, ijtimoiy-iqtisodiy institutlar faoliyatini zaiflashtiradi, pirovard natijada odamlarning imkoniyatlarini cheklaydi. Albatta, bunday tengsizlikning asl sabablarini aniqlash va uning oqibatlariga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizdir” deb alohida ta’kidlagan holda barcha davlatlarni hamjihatlikda harakat qilishga chorladi.
Vaholanki, Yangi O‘zbekistonda aholini kambag‘allikdan chiqarish, to‘kin va farovon hayot kechirishiga xizmat qiluvchi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Demakki, dunyo davlatlari O‘zbekiston tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, o‘rganadigan jihatlarini o‘rganadi, o‘zlarining geografik joylashuvi va imkoniyatlaridan kelib chiqib shu tajriba asosida ish olib boradi.
Shu o‘rinda yana bir gap. Prezidentimiz – Ukraina atrofidagi vaziyat, Falastin – Isroil nizosi, qo‘shni Afg‘oniston taqdiri, sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishlari, xotin-qizlar huquqlari kabi dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan global masalalarni dunyo siyosatchilari va parlamentlari vakillari e’tiboriga taqdim etdi. Mazkur masalalarni bartaraf etish yuzasidan Yangi O‘zbekistonning milliy tashqi siyosatidan kelib chiqqan holda o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Bu tashabbus dunyo siyosatchilarining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Shuningdek, Prezidentimiz bugungi kunda sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilish, xususan, сунъий intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqish zarurligini bildirgani ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining saylovoldi dasturining VII bandida ham mamlakatimizning xalqaro maydonda milliy manfaatlar ustuvorligi, dunyo hamjamiyati bilan munosabatlarda tinchliksevar tashqi siyosatni qo‘llab-quvvatlash alohida belgilab o‘tilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar sari dadil odimlamoqda.
Ilhom Rajabov,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, deputatlik guruhi rahbari.
O‘zA