Munosabat
Bugun dunyo jadallik bilan o‘zgarmoqda. XXI asrning ikkinchi choragiga qadam qo‘yar ekanmiz, xalqaro munosabatlar tizimidagi jiddiy siljishlar, nizolar, ijtimoiy va texnologik tengsizliklar, hamda global ekologik tahdidlar insoniyat oldiga yangi sinovlarni qo‘ymoqda. Bu kabi murakkab sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkilotining rolini saqlab qolish, uning faoliyatiga yangi mazmun berish va global muammolarga adolatli yondashuvni shakllantirish har doimgidan ham muhim bo‘lib bormoqda.
Mana shunday global burilish pallasida, BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, bayon etilgan pozitsiyalar va yangicha yondashuvlar nafaqat milliy, balki mintaqaviy va global siyosatda ham muhim ahamiyatga ega.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatdagi ochiqlik va pragmatizmni o‘zining asosiy yo‘nalishi sifatida belgilab oldi. Prezident nutqida aynan shu pozitsiyaning qat’iy davomi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini saqlab qolish, unda rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatini munosib ifoda qilish masalasi alohida ta’kidlandi.
Xususan, Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish, uning a’zolik tarkibini kengaytirish zarurati haqidagi chaqiriq jahondagi kuchlar muvozanatini aks ettirmaydigan mavjud formatdan adolatli va inklyuziv tizimga o‘tishga da’vatdir.
Sababi, bugungi dunyoda global muammolarni faqatgina kuchli davlatlar emas, balki o‘rta va kichik davlatlarning konstruktiv ishtirokisiz hal qilish imkonsiz. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning global siyosiy jarayonlardagi sub’ektiv rolini mustahkamlash harakatlari mantiqiy va kelajakni ko‘zlovchi strategiya sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Prezident nutqida e’tibor qaratilgan yana bir muhim yo‘nalish – O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini modernizatsiya qilish, ish o‘rinlari yaratish, gender tengligini ta’minlash va “yashil” iqtisodiyotni shakllantirish bo‘yicha amaliy natijalar hisoblanadi.
Jumladan, kambag‘allik darajasining 35 foizdan 6,6 foizgacha pasayishi so‘nggi yillardagi islohotlarning haqiqiy ijtimoiy ta’sirini namoyon etadi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasining 9 foizdan 42 foizgacha oshishi esa inson kapitaliga ustuvor e’tiborning samarasidir.
Qolaversa, O‘zbekiston tashqi siyosatidagi katta muvaffaqiyatlardan biri bu – Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirish bo‘yicha erishilgan natijalardir. Bir necha yil avval yopiq chegaralar, muzlatilgan nizolar va geosiyosiy beqarorlik bilan tavsiflangan mintaqa bugun konstruktiv muloqot va amaliy integratsiya uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda. Mintaqaviy savdo va investitsiyalar hajmining bir necha barobarga ortishi, qo‘shma sanoat va infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi – bularning barchasi “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasining hayotga izchil tatbiq etilayotganidan dalolatdir.
Prezident tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasidan Markaziy Osiyoning mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash rezolyutsiyasini qabul qilish taklif etilishi mintaqada olib borilayotgan islohotlarni xalqaro huquqiy asos bilan mustahkamlash harakati hisoblanadi. Shu bilan birga, Prezident nutqida xalqaro tinchlik va xavfsizlik borasidagi pozitsiyalar ham aniq ifoda etildi. Afg‘oniston masalasida mamlakatning yakkalanishini oldini olish va uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, dunyo yetakchilari e’tibor markazida bo‘lgan Prezident nutqida yoshlar masalasi, ularning ongi va qalbiga tinchlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik g‘oyalarini singdirish, jahon yoshlari harakatini tashkil qilish kabi tashabbuslar bildirildi. Raqamli tengsizlik va sun’iy intellekt sohasida global adolatni ta’minlash, uning imkoniyatlarini beg‘araz taqsimlashga oid xalqaro hamkorlik mexanizmlari zarurligi ta’kidlandi.
Umuman olganda Prezident tomonidan bildirilgan bayonot va tashabbuslar nafaqat mamlakatimizning tashqi siyosatida, balki global miqyosdagi xalqaro munosabatlarda ham muhim o‘zgarishlarni aks ettiradi. Eng muhimi, O‘zbekiston endi faqat o‘z mintaqasining emas, balki global siyosiy, iqtisodiy va gumanitar jarayonlarning faol ishtirokchisi va tashabbuskori sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Muharram DADAXO‘JAEVA,
Yunsobod tumanidagi 50-oilaviy poliklinika mudiri,
“Adolat” SDP Toshkent shahar Kengashi raisi.
O‘zA