2-mart – O‘zbekiston BMTga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilingan kun
Jahonda kechayotgan hozirgi globallashuv jarayoni insoniyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, o‘zida turli tahdid va xavf-xatarlarni ham namoyon etmoqda va mazkur holat barcha sohalarda munosabatlarni tartibga solishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Bunday sharoitda xalqaro tashkilotlarning davlatlar va xalqaro huquqning boshqa subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikning o‘ziga xos forumi sifatidagi roli va ahamiyati ham ortib bormoqda.
BMT ko‘p tomonlama diplomatiyaning eng maqbul vositasi bo‘lib, uning doirasida davlatlar xalqaro munosabatlarda xalqaro hayotning ko‘plab muhim jabhalarini qamrab oladigan murakkab masalalarini hal qila oladi. Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining belgilovchi asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida BMT bilan hamkorlik yanada kengayib, eng avvalo, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqqanini ta’kidlash lozim.
BMT xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan, davlatlar xalqaro hayoti va hamkorligining barcha yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatadigan betakror, tarixan muhim va universal tashkilotdir. Ma’lumki, bundan 32-yil oldin, 1992-yil 2-mart kuni yangi suveren davlat – O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosiga aylandi. Shundan buyon biz o‘z masalalarimizni hal etishda har doim BMTning ko‘magiga tayanib kelmoqdamiz.
Obro‘li xalqaro tuzilma – BMT bilan tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida samarali hamkorlik qilish xalqimizning tub milliy manfaatlariga to‘liq mos keladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida: “Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaymoqda. Va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelmoqda. Hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda. Bunday murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g‘oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda….”, degan fikri respublikamizning tashqi siyosiy pozitsiyasini izohlab berdi.
Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston BMTning barcha tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilmoqda. Birgalikda turli yo‘nalishlarda 200 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga uch yil muddatga – 2021-2023-yillarga saylandi. Iqtisodiy va ijtimoiy kengash komissiyasi, YUNESKOning madaniy meros bo‘yicha qo‘mitasi va ko‘plab boshqa tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha BMT Trast fondi tashkil etildi.
Eng muhimi, keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkilot Bosh Assambleyasining qator muhim maxsus rezolyutsiyalari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil 16-20-oktyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasida turizm sohasining yangi muammolar va zamonaviy xatarlar oldida barqarorligi va moslashuvchanligi borasida bildirilgan fikrlari asosida 2024-yilning 26-fevral kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan "2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” deb nomlangan rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiya 2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb e’lon qilishni qaror qiladi hamda BMTning Jahon sayyohlik tashkilotini hukumatlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, mintaqaviy tashkilotlar bilan birgalikda yilni muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun kompleks choralar ko‘rishga chaqiradi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturlari, jamg‘armalari va agentliklari, jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi, Aholishunoslik jamg‘armasi, Bolalar jamg‘armasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi, Gender tengligi hamda ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha tuzilmasi, Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, Xalqaro mehnat tashkiloti, BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, hamda BMT TD rahbarligi ostida BMT ko‘ngillilar dasturi singari bir qator ixtisoslashgan muassasalari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, BMT Atrof-muhit dasturining O‘zbekistonda vakolatxonasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘z navbatida Nyu-York shahrida doimiy vakolatxona va Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxona faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston keyingi yillarda BMTning Jenevadagi bo‘limi bilan hamkorlikni yanada kuchaytirmoqda. O‘zbekiston BMTning Bosh Assambleyasi va boshqa ixtisoslashtirilgan muassasalari faoliyatidagi o‘z ishtirokini ham faollashtirdi. BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNESKO, YUNIDO, FAO, YUNEP va global tashkilotning boshqa tuzilmalari bilan samarali amaliy hamkorlik kengaymoqda.
Mamlakatimizga BMT Bosh kotibi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar, BMTning Diniy e’tiqod bo‘yicha, Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha, BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilarining amalga oshirgan tashriflari katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, BMT davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik siyosatni, shuningdek, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan hamda 2030-yilga qadar barqaror taraqqiyot sohasidagi global kun tartibining asosiy vazifalariga to‘liq mos bo‘lgan tub islohotlar dasturini yuksak baholaydi.
Shu tariqa O‘zbekiston hamda BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik muvaffaqiyat bilan ravnaq topmoqda. Bundan keyin ham O‘zbekiston Respublikasining jahondagi yirik xalqaro tashkilot BMT bilan munosabatlari tenglik va manfaatli sheriklik asosida rivojlanib boraveradi.
Shuhrat Rahmonov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
kafedra mudiri,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent.