Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek insoniyat oldida turgan global muammolarni hal etishga qaratilgan universal tuzilma sifatida jahon miqyosida katta nufuzga ega.
BMTning “noyob va yetakchi tuzilma” sifatida tan olinishi bejiz emas. U ko‘p tomonlama diplomatiyaning eng samarali maydoni bo‘lib, davlatlarga dolzarb va murakkab xalqaro masalalarni birgalikda muhokama qilish va yechim topish imkonini beradi. Bu jarayon xalqaro munosabatlarni muvozanatli va samarali boshqarishning eng maqbul yo‘li sifatida e’tirof etilgan.
Joriy yilda O‘zbekistonning BMTga a’zoligiga 33 yil to‘ldi. Shu bilan birga, tashkilotga asos solinganiga 80 yil bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi fojialaridan so‘ng, insoniyat bunday qirg‘inlar takrorlanmasligi uchun BMTni tuzdi va bugungi kunda 193 davlatni birlashtirgan tashkilot global hamjihatlik ramziga aylangan.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri — BMT bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘ldi. Bu hamkorlik, ayniqsa, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida: “Dunyoda xalqaro institutlarning roli zaiflashmoqda, nizo va urushlar kuchaymoqda, ijtimoiy tengsizlik oshib bormoqda. Biz demokratik, huquqiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini olib bormoqdamiz. Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan ochiq muloqot va hamjihatlik tarafdoridir”, — deya ta’kidladi. Bu fikr mamlakatning tashqi siyosiy pozitsiyasini yaqqol ifodalab berdi.
O‘zbekiston bugun BMTning eng faol a’zolaridan biriga aylangan. Mamlakat BMTning 200 dan ortiq loyihasida ishtirok etmoqda.
2021–2023 yillarda O‘zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi a’zosi bo‘ldi. Shuningdek, YUNESKO, EKOSOS, XMT va boshqa nufuzli tuzilmalarda ham mamlakatimiz a’zolikka saylandi.
O‘zbekistonning tashabbuslari xalqaro miqyosda ham yuksak baholanmoqda. Respublika tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 13 ta muhim rezolyutsiya qabul qildi. Ular orasida “Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash”, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”, “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar zonasi deb e’lon qilish” kabi hujjatlar alohida ahamiyatga ega.
2025 yil 24 oktyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston hukumati va BMT o‘rtasida 2026–2030 yillar uchun Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik dasturi imzolandi. Yangi dastur inson taraqqiyotini ilgari surish, ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish va jamiyatning har bir a’zosi rivojlanish samaralaridan bahramand bo‘lishiga qaratilgan.
Bugun O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq agentligi va dasturlari faoliyat yuritmoqda. Ular orasida YUNISEF, JSST, YUNESKO, XMT, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, BMT-Ayollar va boshqa bir nechta tuzulma va loyihalari ishlab turibdi.
Shuningdek, BMT Atrof-muhit dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochilishi rejalashtirilgan.
Shubhasiz, BMT O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ochiq va insonparvar siyosatni yuqori baholamoqda. “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang ravishda hayotga tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston va BMT hamkorligi yil sayin yangi mazmun kasb etmoqda. Bu hamkorlik nafaqat mintaqaviy barqarorlikka, balki jahon miqyosidagi tinchlik va taraqqiyotga ham munosib hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.
Shuhrat Rahmanov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi mudiri,
yuridik fanlar doktori.