Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ni amalga oshirishning to‘rtinchi yili ham yakuniga yetmoqda.
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi negizida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi o‘tgan qisqa davrda davlat va jamiyatni rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichiga asos soldi. Bu muhim hujjat tom ma’noda yangi O‘zbekistonni bunyod etishning mustaqil huquqiy poydevori ekanini amalda namoyon etib ulgurdi.
Harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish uchun asos bo‘ldi. Bunda Konstitutsiyamiz Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan demokratik islohotlarni amalga oshirishning asosi sifatida xizmat qilishiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, «1992 yil 8 dekabrda mustaqil O‘zbekistonimiz Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi». Konstitutsiya va milliy tiklanish, ma’naviyat va ma’rifat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, milliy o‘zlik va azaliy qadriyatlar, bu ko‘hna zamin odamlari ko‘nglida ustuvor bo‘lgan adolat va odillik, iymon va olijanoblik, bag‘rikenglik va mardlik, insonparvarlik va tantilik kabi ulug‘ xislatlar Konstitutsiyadan munosib o‘rin olgan.
Keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 7 marotaba muhim o‘zgartirishlar kiritildi.
Sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini takomillashtirish
Birinchi o‘zgartirish: 2017 yil 6 aprelda Konstitutsiyaning 7 ta moddasiga kiritilgan tuzatishlarda quyidagi 3 ta ustuvor vazifa:
- fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish;
- odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish;
- nomzodlarni tanlash va sudyalar lavozimlariga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish – sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yildi.
Mazkur konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shu maqsadda Konstitutsiyaning 80, 81, 83, 93, 107, 110, 111-moddalariga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi. Ushbu tuzatishlarga muvofiq, Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.
Konstitutsiyaga sud hokimiyatining faoliyatini tubdan yaxshilashga, nufuzini oshirishga, sudlar tuzilishini takomillashtirishga hamda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlash tizimini demokratlashtirishga qaratilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari sudda ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.
Ijro etuvchi hokimiyat tizimini takomillashtirish
Ikkinchi o‘zgartirish: 2017 yil 31 mayda Konstitutsiyaning 4 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Asosiy qonunimizning 80 va 93-moddalariga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etilganligi va u o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi hamda Qo‘mitaning raisi va rais o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanishi hamda lavozimidan ozod qilinishi belgilandi.
Konstitutsiyaviy sud faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari. Konstitutsiyaning 108-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadigan bo‘ldi.
Konstitutsiyaning 108 va 109-moddalariga kiritilgan tuzatishlarda Konstitutsiyaviy qonunlarning, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarning imzolanguniga qadar Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, Oliy sudning muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, har yili Oliy Majlis palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish borasidagi Konstitutsiyaviy sudning vakolatlarini kengaytirish nazarda tutildi.
Ushbu konstitutsiyaviy yangiliklarning hayotga tatbiq etilishi davlatimizda sudlov tizimini yanada takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq hamda erkinliklari ishonchli himoyasini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, bu konstitutsiyaviy yangilanishlar sudyalar va sud tizimi xodimlarini ijtimoiy rag‘batlantirishni yuqori darajaga ko‘tardi.
Shuni ham ta’kidlash joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 10 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar. Ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasida fuqarolar va yuridik shaxslarga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakilga Konstitutsiyaviy sudga murojaat kilish huquqi berilib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qiluvchi sub’ektlar doirasi kengaytirilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasida Konstitutsiyaviy sud vakolatlari, Konstitutsiyaviy sud sudyasining maqomi, Konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish va murojaatni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va o‘rganish masalalari aniq qilib belgilanmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, hozirgi vaqtda Konstitutsiyaviy sudning faoliyati 2017 yil 31 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan tartibga solinishini ta’kidlash lozim. Ammo, Konstitutsiyaviy sudda ish yuritishning protsessual qoidalari Konstitutsiyaviy sudning o‘zi tomonidan tasdiqlangan Reglament bilan belgilab berilgan.
Aksariyat mamlakatlar Konstitutsiyaviy sudlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida bunday qoidalar Konstitutsiyaviy sud tomonidan emas, balki qonun bilan belgilanishi nazarda tutilgan. Chunki, ish yuritishning protsessual qoidalari bevosita inson huquqlarini amalga oshirish bilan bog‘liq va shuning uchun ham ular qonun bilan belgilanishi lozim.
Bundan tashqari, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish amaliyotining tahlili mamlakatimizda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishda hal etilishi lozim bo‘lgan yana bir qator dolzarb muammolar hamda huquqiy jihatdan tartibga solinishni taqozo etadigan masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Toshkent shahri tumanlari faoliyatining konstitutsiyaviy asoslari
Uchinchi o‘zgartirish: 2017 yil 29 avgustda Konstitutsiyaning 99-moddasidagi «shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan» degan so‘zlar chiqarib tashlandi. Konstitutsiyaning 99-moddasiga o‘zgartirish kiritish orqali Toshkent shahri tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tashkil etishning konstitutsiyaviy asosi mustahkamlab qo‘yildi.
Konstitutsiyaning 102-moddasiga ham uchta o‘zgartirish kiritildi. Ya’ni, Toshkent shahri tarkibidagi 11 ta tumanning barchasida xalq deputatlari Kengashlari tashkil etilishi munosabati bilan Konstitutsiyaning 102-moddasida tuman va shahar hokimlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilishning yagona tartibi o‘rnatildi.
Ushbu konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar, avvalambor, poytaxt jamoatchiligiga Toshkent shahridagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishdagi ishtiroki va rolini kuchaytirish, tumanlarni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, hududlarni rivojlantirishning ustuvor dasturlarini amalga oshirish, tumanlarning bosh rejalari va qurilish qoidalari, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning miqdorini belgilash, qonun hujjatlariga muvofiq ular bo‘yicha imtiyozlar berish ustidan nazorat qilish mexanizmi o‘rnatilishini ta’minlamoqda.
Mahalla va Konstitutsiya
To‘rtinchi o‘zgartirish: 2018 yil 15 oktyabrda Konstitutsiyaning 105-moddasi birinchi qismidagi "ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini" degan so‘zlar "raisni (oqsoqolni)" degan so‘zlar bilan almashtirildi.
Beshinchi o‘zgartirish: 2019 yil 18 fevralda Konstitutsiyaning 80-moddasi 7-bandidagi va 93-moddasi birinchi qismining 24-bandidagi "Milliy" degan so‘z "Davlat" degan so‘z bilan almashtirildi.
Vazirlar Mahkamasining konstitutsiyaviy maqomi
Oltinchi o‘zgartirish: 2019 yil 5 martda Konstitutsiyaning 3 ta moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu yangilanishlarga muvofiq, endilikda Prezident O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi.
Konstitutsiya va saylovlar
Yettinchi o‘zgartirish: 2019 yil 4 sentyabrda Konstitutsiyaning 2 ta moddasiga o‘zgartirishlar kiritildi. Shunga muvofiq, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ma’lumki, o‘tgan uch-to‘rt yil davomida hayotimizning barcha sohalari qatori sud-huquq tizimida ham shiddatli islohotlar amalga oshirildi. Keyingi davrda O‘zbekiston sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sudya va advokatlarning mustaqilligini ta’minlash Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan.
Bu borada muayyan natijalarga erishilgani xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilmoqda. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning ta’kidlashicha, ana shu tub yangilanishlarning mohiyati, jumladan, sudyalarning mustaqil qaror qabul qilishiga xalal beradigan siyosiy ta’sirlarni kamaytirishga qaratilganida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotning barcha sohalarida izchil va bosqichma-bosqich, uzviy va tizimli ravishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarning mustahkam yuridik manbai hamda asosiy huquqiy kafolatidir.
Huquqiy davlatchilik sari intilgan har qanday demokratik jamiyatda Konstitutsiya ustuvor ahamiyat kasb etadi. Binobarin, Konstitutsiya insoniyatning ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish va tashkil etish borasida kashf etgan eng muhim yutuqlaridan biridir.
Konstitutsiya o‘z-o‘zicha, ya’ni alohida, jamiyatdan ajralgan holda mavjud bo‘lishi mumkin emas. Demakki, Konstitutsiyani qotib qolgan qoidalar yig‘indisi, deb bo‘lmaydi.
Konstitutsiya – dinamik, ya’ni doimiy harakatdagi, o‘sish va rivojlanish jarayonidagi hujjatdir. U hayot jo‘shqinligi va o‘zgarishlarini o‘zida aks ettiradi. Shu ma’noda, Harakatlar strategiyasi yangi O‘zbekistonning yangi konstitutsiyaviy qiyofasiga asos bo‘lib xizmat qildi va xizmat qilmoqda.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori.
O‘zA