“O‘zekspomarkaz” majmuasida “Yangi O‘zbekiston” universitetiga kirish istagidagi abituriyentlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida 2021 yilda mazkur universitet tashkil etilgan edi. Bu yerda ta’lim jarayoni dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda olib boriladi. Hozirda ushbu universitetda 178 nafar talaba tahsil olmoqda.
Ushbu o‘quv yilida 300 nafar talabalar qabul qilinishi rejalashtirilib, test sinovlari Cambridge Assessment International Education tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” universitetiga 2022/2023 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 20 aprel – 30 iyunga qadar onlayn shaklda admissions.newuu.uz sayti orqali amalga oshirildi. Universitetga 1 ming 859 nafar abituriyentning hujjatlari muvaffaqiyatli qabul qilinib, imtihonlarda qatnashish uchun ruxsatnomani qo‘lga kiritdi.
Universitetning faxriy rektori Myunxen texnika universiteti 39-rektori, 800 dan ortiq ilmiy maqolalar va 80 ga yaqin patentlar egasi, nemis kimyogari Volfgang A.Hermann hisoblanadi. Oliygohda AQSH, Germaniya, Misr, Hindiston, Eron kabi davlatlardan kelgan professor-o‘qituvchilar dars beradi. Shunindek, talabalar ilk o‘quv yilidanoq AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yirik korxona va laboratoriyalarida amaliyot o‘tash imkoniga ega bo‘ldilar.
Universitetda iqtidorli talabalarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat granti quyidagilarga nisbatan joriy etiladi: Prezident maktablarining Xalqaro darajadagi tegishli dasturlar diplomi yoki sertifikatlarga ega bitiruvchilariga, universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika olimpiadalarining g‘oliblariga, universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oila farzandlariga.
[gallery-7993]
“Yangi O‘zbekiston” universitetiga kirish imtihonlari yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi fanlardan bo‘lib o‘tdi:
– Muhandislik fakulteti tarkibida: kimyo muhandisligi – matematika, kimyo
– Mexanika muhandisligi – matematika va fizika.
– Dasturiy ta’minot muhandisligi – matematika, fizika.
– Nano- va ilg‘or materiallar muhandisligi – matematika, fizika.
– Boshqaruv fakulteti tarkibida: sanoat boshqaruvi – matematika, tanqidiy va mantiqiy fikrlash.
– Bu mening tajribamda juda katta va mas’uliyatli jarayon, – dedi Cambridge Assessment International Education tashkiloti vakili Maykl Baurman. – Mazkur universitetning tashkil etilishi O‘zbekiston kelajagi uchun muhimdir. Ushbu imtihonlar yakunlangach, javob varaqalarini Buyuk Britaniyaga olib ketiladi va Kembrijda avtomatik tarzda tekshirilib, so‘ng O‘zbekistonga yuboriladi.
– Biz Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetiga kirish imtihonlariga tayyorgarlik jarayonlarini 8 oy oldinroq boshlab yuborganmiz, – dedi Cambridge Assessment International Education tashkilotining Osiyo va Yevropa mintaqalaridagi ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari rahbari Stiv King. – Yo‘nalishlar kesimida abituriyentlar uchun savollar tuzildi. Talabgorlar matematika, fizika, kimyo va mantiqiy fikrlashdan imtihon topshirdilar. Savollar 2 kun avval xavfsizlikka rioya qilingan holda Buyuk Britaniyadan olib kelindi. Jarayonlar shaffof va sifatli tarzda o‘tkazildi.
Test sinovlaridan birinchilardan bo‘lib chiqqan Madina Baxtiyorova o‘tgan yili Toshkent viloyatidagi 30-umumta’lim maktabini tamomlagan ekan.
– Test savollarini ishlashda qiynalmadim, – dedi M.Baxtiyorova. – Mexanika muhandisligi fakultetiga hujjat topshirgandim. Test to‘liq ingliz tilida bo‘ldi. Savollarga bilimim darajasida javob qaytardim.
Universitetga test sinovlari tartibli, belgilangan talab va qoidalarga mos tarzda o‘tdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri