Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston” universitetiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi
22:39 / 2021-09-06

Bugun, 6 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadioni hududida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universitetiga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetiga kirish imtihonlarining 1-bosqichi – saralash jarayonlariga jami 6000 dan ortiq talabgorlar ro‘yxatdan o‘tgan. 1-bosqichdan 1213 nafar nomzod muvaffaqiyatli o‘tib, test sinovlarida ishtirok etdi.

— Ushbu universitetga mexanika muhandisligi bo‘yicha hujjat topshirdim, — deydi Zahroxon Anvarova.— Daraxt bir joyda ko‘karadi, degan maqol bugungi kunga to‘g‘ri kelmay qolgandek nazarimda. Chunki bugungi yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarni ko‘rib odam ko‘p narsalarni bilgisi, juda ko‘p kasblarni egallagisi keladi. Davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga javoblarida “Yangi O‘zbekiston” universiteti mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlari uchun namuna bo‘ladi. Eng bilimli va iste’dodli yoshlarimiz shu yerda o‘qiydi”, degan javobni berdilar. Bunday fikrlar shaxsan menga juda katta motivatsiya berdi. Eng bilimli yoshlarimizdan tashkil topadigan ushbu oliygohda o‘qib, tengdoshlarimga o‘rnak bo‘lishga harakat qilaman.

[gallery-3791]

Ta’kidlash joizki, “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘z yo‘nalishida “Dunyoning eng yaxshi 100 universitetlari” reytingida 1-o‘rinda turadigan Massachusets texnologiya instituti bilan hamkorlik qiladi.

Universitetga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda xorijiy pedagog-kadrlar ham jalb etilgan.

Mazkur universitetga yo‘nalishlar kesimida, mexanika muhandisligiga 100 o‘rin, kimyo muhandisligiga 100 o‘rin, dasturiy ta’minot muhandisligiga 100 o‘rin kvota ajratilgan.

— “Yangi O‘zbekiston” universitetiga imtihonlar Cambridge Assessment tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirildi, — deydi Cambridge Assessment tashkilotining ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bosh maslahatchisi Steve King. —Savollar maktab darsliklari asosida tuzilgan. Savollar solingan konvertlar muhrlangan holda bizga topshirildi va har bir imtihon jarayoni boshlangan paytda nomzodlar guvohligida ochildi. Har bir fan uchun yarim soat vaqt ajratildi. Imtihon tugaganidan keyin javoblar varaqasi yig‘ildi va bizga, ya’ni Cambridge vakiliga topshirildi.

Imtihon natijalari sentyabr oyining oxiriga qadar e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

 

Nigora Rahmonova, O‘zA