Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetida 2022/2023 o‘quv yilida ko‘plab bilimdon talabalar birinchi kursga saralab olindi.
Mazkur universitetda barcha talabalar uchun o‘qish kredit modul tizimida olib boriladi. Universitet an’analariga binoan o‘quv yili boshlanishidan bir hafta oldin birinchi kursga o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun ular orasidagi do‘stona muhitni yaratish maqsadida “Tanishtiruv haftaligi” o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
Joriy yilgi “Tanishtiruv haftaligi” ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Mazkur haftalikning ilk kuni talabalar guruhlarga taqsimlanib, ularga mentorlar biriktirildi va faollar zalida universitet haqida taqdimot qilinib, topshiriqlar berildi. Talabalar bilan universitet rahbariyati va professorlari o‘rtasida ochiq muloqot o‘tkazildi. Mazkur ochiq muloqotda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib, taklif va murojaatlarini ham aytib o‘tdi. Shuningdek, talabalarga universitetda mavjud guruhlar haqida ma’lumot berilib, ularni qiziqishlariga qarab mazkur guruhlarga a’zo qilindi.
[gallery-8981]
“Sport kuni”da esa sport musobaqalari tashkil etildi. Jumladan estafeta o‘yinlari, arqon tortish, basketbol kabi musobaqa va sport o‘yinlari tashkil etildi.
“Kitob kuni”da talabalar kichik guruhlarga ajratilib, ular o‘rtasida Zakovat intellektual o‘yinlari tashkil etildi. Mazkur o‘yinlarda 9 ta guruh kuch sinashib, eng bilimdon talabalar guruhi esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, talabalarga turli davlatlarning madaniyati va urf-odatlarini ko‘rsatib berish vazifasi ham topshirilgan bo‘lib, ular o‘zlari tanlagan davlatlar bo‘yicha o‘z badiiy chiqishlarini ham taqdim etdi. Eng yaxshi badiiy chiqish sohiblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Tanishtiruv haftaligi”ning oxirgi beshinchi kuni Final deb nomlanib, ushbu kun hafta davomida eng faol bo‘lgan guruhlar universitet ma’muriyati tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlandi. Ushbu tadbirni ochib berish uchun Prezident ta’lim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova so‘zga chiqdi va talabalarni haftalikni muvaffaqiyatli yakunlaganliklari va professor o‘qituvchilarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabrikladi. Konsert dasturi ham namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA