Toshkent shahrida joylashgan "Yangi O‘zbekiston" universitetida "Bir kun sport bilan!" shiori ostida professor-o‘qituvchilar va xodimlar o‘rtasida "Rektor kubogi" sport musobaqasi boshlandi. Musobaqa voleybol, stritbol, mass-restling, stol tennisi va shaxmat kabi sport turlarini o‘z ichiga olgan.
Mazkur sport tadbiri "Yangi O‘zbekiston" universiteti kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Sport vazirligi, mamlakatimiz kasaba uyushmalari Toshkent shahar kengashi, Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda "Barjomi" MCHJ hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda universitetda 250 nafardan ortiq professor-o‘qituvchilar va xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 150 nafardan ziyodi kasaba uyushmasi a’zolari bo‘lib, ular sport musobaqasida faol ishtirok etib kelmoqda.
[gallery-23508]
"Rektor kubogi" musobaqasida universitetning Innovatsiya va tadqiqot ishlari, O‘quv ishlari, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar, Moliyaviy va ma’muriy ishlar, Xalqaro ishlar bo‘yicha jamoalari, shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi jamoasi o‘zaro bellashmoqda. Bahslar murosasiz va qizg‘in ruhda o‘tmoqda.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar "Yangi O‘zbekiston" universiteti kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda homiy tashkilotlar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar, kubok, medal va diplomlar bilan taqdirlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, Almurod Mamadaminov (surat), O‘zA