Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston universitetida qabul jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda
13:45 / 2022-06-04

Shu kunlarda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida Yangi O‘zbekiston universitetida qabul jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur mas’uliyatli jarayon qanday kechayotgani xususida Yangi O‘zbekiston universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Elyorjon Jumayev quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Mamlakatimizda ta’lim sohasidagi tub ijobiy o‘zgarishlar davlatimiz rahbari tashabbusi asosida tashkil etilgan Yangi O‘zbekiston universiteti faoliyati misolida ham yaqqol o‘z ifodasini topmoqda. Ushbu oliy ta’lim dargohida o‘quv jarayoni jahonning standartlariga uyg‘un tarzda tashkil etilgani bilan diqqatga sazovordir.

Yangi O‘zbekiston universiteti 2021 yilning 23 iyun kuni Prezidentimizning tegishli qarori asosida tashkil etilgan. Universitet faxriy rektori – TUM - Myuxen texnika universitetining 39-rektori, 800 dan ortiq ilmiy maqolalar va 80 ga yaqin ilmiy patentlar egasi, nemis kimyogari Volfgang A.Hermann hisoblanadi.

Universitetda AQSH, Germaniya, Misr, Hindiston, Eron kabi davlatlardan kelgan professor-o‘qituvchilar dars beradi. Ta’lim dargohimizda talabalar ilk o‘quv yilidanoq AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yirik korxonalari va laboratoriyalarida amaliyot o‘tash imkoniga egadirlar.

2021/2022-o‘quv yili davomida Yangi O‘zbekiston universitetida Muhandislik fakulteti tarkibida Kimyo muhandisligi, Mexanika muhandisligi va Dasturiy ta’minot muhandisligi yo‘nalishlari ochilib, unga jami 187 nafar talaba qabul qilindi.

2022/2023-o‘quv yilida universitetda yana ikkita yo‘nalish – Muhandislik fakulteti tarkibida Nano- va ilg‘or materiallar muhandisligi hamda Boshqaruv fakulteti tarkibida Sanoat boshqaruvi yo‘nalishlari ochilmoqda.

Ushbu yo‘nalishlar uchun yangi o‘quv yilida 300 nafar talaba qabul qilinadi. Universitetda talabalar uchun 50 foiz, 70 foiz, 100 foizgacha grant taqdim etiladi.

Universitetni tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi hamda rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Universitet imtihoni joriy yilning 21 iyul kuni Cambridge Assessment tashkiloti tomonidan o‘tkaziladi. Imtihonlar har bir yo‘nalishlar kesimida matematika, fizika, kimyo, mantiqiy fikrlash kabi fanlardan bo‘lib o‘tadi.

Universitet talabalari birinchi kursdanoq mamlakatimiz va xorijning yetakchi korxonalarida amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa ularning kelgusida ish bilan ta’minlanishi, o‘qish jarayonini amaliyot bilan integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etadi.


N.Usmonova yozib oldi, O‘zA