Bugungi kunda kiberjinoyatchilik, raqamli firibgarlikka qarshi kurash olib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash bilan uzviy bog‘liq.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi yirik texnologik tadbirlardan biri – "CyberHack-2026" xakatoni muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Mazkur tadbir mamlakatimizda raqamli xavfsizlik madaniyatini rivojlantirish, axborot texnologiyalari sohasidagi yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga qaratilgani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi.
Xakatonda O‘zbekistonning turli oliy ta’lim muassasalaridan 50 ta jamoa tarkibidagi 200 nafardan ortiq talaba qatnashdi.
Ishtirokchilar real kiberhujum ssenariylariga yaqinlashtirilgan vazifalar asosida tizimlardagi zaifliklarni aniqlash, axborot xavfsizligini ta’minlash va himoya mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tadbir doirasida Capture The Flag (CTF) musobaqasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar kriptografiya, tarmoq xavfsizligi, veb-ilovalar himoyasi, revers-injiniring va forenzika yo‘nalishlari bo‘yicha murakkab masalalarni hal qildi.
Bu jarayon yosh mutaxassislarning nainki nazariy bilimlari, balki tezkor fikrlash va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini ham rivojlantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, “CyberHack Conference-2026” anjumani doirasida davlat organlari, bank-moliya sektori va axborot texnologiyalari bo‘yicha kompaniyalar vakillari ishtirokida ekspert ma’ruzalari va panel muhokamalari o‘tkazildi.
[gallery-27928]
Unda zamonaviy kiberxavfsizlik tahdidlari, sun’iy intellekt asosidagi xavfsizlik yechimlari hamda milliy raqamli infratuzilmani himoya qilish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Xakaton yakunlariga ko‘ra, g‘olib jamoalar umumiy qiymati 100 million so‘mlik mukofot jamg‘armasi bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot yoshlar o‘rtasida innovatsion fikrlash va kiberxavfsizlik sohasiga qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
“Yangi O‘zbekiston” universiteti mamlakatda kiberxavfsizlik ekotizimini shakllantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslarni izchil davom ettiradi.
N.Usmonova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari