Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini jahon andozalari darajasida isloh etish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Yurtimizda yoshlarni to‘laqonli ta’lim olishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” universiteti davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori asosida tashkil etilgan O‘zbekistondagi birinchi mustaqil, davlat universitetidir. “Yangi O‘zbekiston” universiteti dunyo miqyosidagi universitet bo‘lib, kelajakdagi missiyasi — O‘zbekiston va butun dunyodagi bilimli yoshlarning iste’dodini yanada rivojlantirib, kuchli liderlar va innovatorlar etib tarbiyalash hisoblanadi. Mazkur universitet multi-dissiplinar o‘quv dasturi va tadqiqotlarni integratsiyalashtirish orqali eng yaxshi akademik va professional amaliyotlarni taqdim etadi.
Universitetning yuqori malakali professor-o‘qituvchilari va xodimlari yuqori sifat va tajribaning jonli dalilidir. “Yangi O‘zbekiston” universitetida o‘quv dasturlari fan, tadqiqot, ijodkorlik va tadbirkorlik sohalarida yangiliklarni ko‘paytirishga mo‘ljallangan holda tuzilgan. Ushbu natijaga erishish uchun gumanitar fanlar, san’at va ijtimoiy fanlar aniq fanlar va texnologiya bo‘yicha fundamental kurslar bilan integratsiyalashtirilgan.
Universitetda darslar malakali xorijlik professorlar tomonidan tashkil etiladi. Ularning soni hozirgi kunda jami professorlarning 66 foizini tashkil etadi. Ushbu universitetda kimyoga doir darslar germaniyalik professorlar, ITga doir darslar hindistonlik hamda Janubiy koreyalik professorlar, iqtisodiyotga doir bilimlar esa, turkiyalik professorlar tomonidan o‘rgatiladi.
Darslar to‘liq ingliz tilida tashkil etiluvchi ushbu universitet sifatli ta’lim olishdan tashqari talabalarga o‘z startap loyihalariga ega bo‘lishlari, mustaqil izlanishlar olib borishlariga imkon yaratadi. Shuningdek, talabalar tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish uchun chet davlatlarga borishlari ham mumkin bo‘lib, ularning xarajatlari universitet tomonidan 100 foiz qoplanadi. Universitet iste’dodli yoshlarga to‘la bo‘lib, bu yerda xalqaro olimpiada g‘oliblari va ko‘plab mukofotlarga ega yoshlar bilan birgalikda o‘zgacha muhitda bilimlarni oshirishi mumkin.
Bundan tashqari universitet bitiruvchilar uchun ko‘plab imkoniyatlar taqdim etadi. Universitetni bitirgan har bir talaba milliy kadrlar zaxirasiga olinib, besh yillik ish tajribasidan so‘ng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi. Shuningdek, magistraturani chet el oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishni maqsad qilgan yoshlar uchun ham ajoyib imkoniyat mavjud bo‘lib, talabalar o‘zlari xohlagan xorijiy oliy ta’lim muassasasining magistratura bosqichida ta’lim olishni istasa, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan barcha xarajatlari qoplab beriladi.
Universitetda tahsil olish xarajatlari talabalarning bilimga bo‘lgan qiziqishi hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Universitetda ellik, yetmish va yuz foizlik grantlar mavjud bo‘lib, talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga qarab grant miqdori har o‘quv yilida o‘zgarib turadi. Masalan, ellik foiz grant asosida tahsil oluvchi talaba o‘z ustida ishlab yaxshi natijalar ko‘rsatsa, keyingi o‘quv yilidan yetmish yoki yuz foizlik grant asosida o‘qishini davom ettirishi mumkin.
Shuningdek, universitet to‘rt yillik yuz foizli grantlarni ham taqdim etadi. Ushbu grantlar xalqaro fan olimpiadalaridan birida g‘olib bo‘lgan, oilasi Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan, Ixtisoslashtirilgan maktablardan eng yuqori ball asosida o‘qishga qabul qilingan besh foiz talabalar yoki Prezident maktabi bitiruvchilariga taqdim etiladi. Hozirda umumiy 80 foiz talabalar grant asosida tahsil olishmoqda.
Universitetdagi ta’lim tizimiga yaqindan nazar soladigan bo‘lsak, bu yerdagi ta’lim xorijiy standartlar asosida dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Universitetda gumanitar va aniq fanlarni talabalarga sifatli o‘rgatish maqsadida Germaniyaning Myunxen texnika universiteti va Amerikaning Massachusets texnologiya instituti bilan hamkorlik qilinadi.
Hozirda universitetga o‘qishga hujjatlar qabuli xorij standartlaridan kelib chiqqan holda yil davomida amalga oshirilishi hamda abituriyentlarning xohishiga ko‘ra fevral, may va avgust oylarida imtihon topshirish imkoniyati joriy etilgan.
2023/2024-o‘quv yili uchun hozirda Kimyo va materialshunoslik muhandisligi, Mexanika muhandisligi, Elektr muhandisligi, Dasturiy ta’minot muhandisligi, Kiberxavfsizlik, Sun’iy intellekt va robototexnika, Amaliy matematika, Iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlili, Pedagogika hamda Sanoat boshqaruvi yo‘nalishlariga o‘qishga hujjatlar qabuli davom etmoqda. Joriy yilning 25 fevral kuni 2023/2024-o‘quv yili uchun birinchi qabul imtihonlari o‘tkazildi. Har bir fan bo‘yicha kirish imtihoni test shaklida bo‘lib, 20 ta topshiriqdan iboratdir. Abituriyentlarga har bir to‘g‘ri javob uchun 5 balldan beriladi. Bunda bir fan kesimida eng ko‘pi bilan 100 ball to‘planishi mumkin. Har bir fan bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarish uchun 70 daqiqa vaqt ajratiladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, imtihon savollari O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tashkilotlarida joriy etilgan o‘quv dasturlari asosida oson, o‘rta va qiyin tusdagi savollar turkumi bo‘yicha shakllantirilgan.
Saralash imtihonlari videokuzatuv va boshqa texnik vositalarni qo‘llagan holda ota-onalar hamda jamoatchilikka onlayn tarzda ham namoyish etib borilishi ta’minlangan.
Universitet qabul nizomiga ko‘ra, o‘qishga hujjat topshirgan talabgorlar xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda sertifikat baliga ko‘ra tegishli fandan maksimal miqdorgacha ball berilishi va talabgorning xohishiga ko‘ra imtihonlardan ozod etilishi mumkin. Bu turdagi sertifikatlarga SAT, IB, GCSE, IGCSE, GCE O-Level, GCE A-Level va AS-Level dunyoning ko‘plab universitetlari tomonidan tan olinuvchi xalqaro sertifikatlar kiradi.
Shuningdek, xalqaro fan olimpiadalarida oltin, kumush va bronza medaliga ega abituriyentlarga ham tegishli fani bo‘yicha maksimal ball berilib, imtihonlardan ozod etilishi mumkin. Bularning barchasi yoshlarga ko‘rsatilayotgan mehrning amaldagi ifodasidir.
Mohinur Qudratullayeva,
Jurnalist
O‘zA