Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida taniqli siyosatshunos, senator va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov qalamiga mansub “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining ingliz tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur yig‘in davlat idoralari, diplomatik korpus, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonga jamladi.
Muallif o‘z kitobida mamlakatning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini har tomonlama tahlil qilib, siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi tub islohotlarni keng yoritgan. Shuningdek, to‘plamda iqtisodiyotni bozor tamoyillariga mos ravishda erkinlashtirish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish hamda Yangi O‘zbekistonning xalqaro jarayonlardagi faolligi kabi mavzular o‘rin olgan.
Nashrning inglizcha talqini allaqachon xalqaro auditoriya tomonidan yuqori baholangan. Avvalroq, uning taqdimotlari Vashingtondagi AQSH Kongressi binosida, qolaversa, BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan edi. Ushbu tadbirlar xorijiy ekspertlar, siyosatchilar va diplomatlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olingan.
Ma’lumki, taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqov 2016 yildan buyon O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi. U zamonaviy O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan bir qator ilmiy-analitik asarlar muallifidir.
Qayd etish joiz, “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” — mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar jarayonini har tomonlama yorituvchi fundamental nashr. Kitob xalqaro kitobxonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yurtimizda olib borilayotgan o‘zgarishlarning maqsadi, mazmuni va natijalarini yanada chuqurroq tushunishga yordam beradi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/QC1mhF6NuNQ?si=RqcLQBQOP20HG3aQ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Oybek Davronov (video),
O‘zA