Prezident Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining kompleks yo‘l xaritasi bo‘lib, unda ekologik barqarorlik, adolatli davlat, raqamli boshqaruv va xavfsiz jamiyat o‘zaro uyg‘un holda ifodalangan. Ushbu strategik yo‘nalishlar mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Hozirgi global jarayonlar geosiyosiy qarama-qarshiliklar, iqtisodiy raqobat va xavfsizlik bilan bog‘liq tahdidlarni kuchaytirmoqda. Ana shunday murakkab sharoitda O‘zbekiston izchil islohotlar va uzoqni ko‘zlagan strategik siyosat orqali barqaror taraqqiyot yo‘lini izchil davom ettirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi mamlakatning yaqin va o‘rta muddatli rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan muhim siyosiy hujjat sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Unda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar mantiqiy davom ettirilib, dolzarb muammolarga aniq yechimlar taklif etilgan.

Ekologik barqarorlik – milliy taraqqiyot omili
Murojaatnomada ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Yirik sanoat korxonalarida tozalash inshootlarini o‘rnatish uchun 100 million dollarlik kredit liniyasi ajratilishi, havo ifloslanishini monitoring qilish tizimlarini joriy etish atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan amaliy qadamdir.
Samarqand shahrida xalqaro ekologik tadbirlarning o‘tkazilishi O‘zbekistonning mintaqaviy ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etayotganini namoyon etmoqda.
“Yashil” shaharlar va ekotransport
Shaharlarda avtotransportdan kelib chiqadigan ekologik muammolarni kamaytirish maqsadida ekologik stikerlar tizimini joriy etish, eski avtomashinalar harakatini cheklash rejalashtirilgan. Besh yillik ekotransport dasturi doirasida elektromobillar uchun imtiyozli kreditlar va quvvatlash infratuzilmasi yaratiladi. Bu aholi salomatligi va shahar muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

“Yashil makon” va tabiiy muhitni tiklash
Orolbo‘yi va qator hududlarda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, yuz minglab gektar yerlarda daraxt va butalar ekiladi. Shuningdek, shaharlarda soya-salqin sayr ko‘chalari, botanika va dendrologiya bog‘lari barpo etish rejalashtirilgan.
Suv siyosati – strategik yo‘nalish
Qiymati 5,5 milliard dollarlik dastur doirasida suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya va drenaj tizimlarini modernizatsiya qilish orqali milliardlab kub metr suvni tejash ko‘zda tutilgan. Bu qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish bilan birga, ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.
Adolatli davlat va xavfsiz jamiyat
Murojaatnomada raqamli davlat boshqaruvi, elektron hukumat va “raqamli sud” tizimini joriy etish orqali davlat xizmatlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash vazifasi belgilandi. Sud-huquq tizimida jamoatchilik ishtiroki va parlament nazoratining kuchaytirilishi adolatli boshqaruvni mustahkamlaydi.
Shuningdek, jinoyatchilik, korrupsiya, giyohvandlik va oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Ma’naviy barqarorlik va Uchinchi Renessans
Ma’naviy-ma’rifiy islohotlar Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga qaratilgan. Kitobxonlikni rivojlantirish, milliy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi madaniy loyihalarni amalga oshirish, “Ma’rifat karvoni”, “Kinokarvon” kabi tashabbuslar jamiyatda vatanparvarlik va milliy g‘ururni mustahkamlamoqda.
To‘y va marosimlarni ixcham, milliy qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazish, isrofgarchilikka chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar ham jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovi bilan amalga oshirilmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti
katta ilmiy xodimi,
Nigora XUSANOVA