French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining strategik xaritasi
16:24 / 2026-01-05

Munosabat 

Prezidentimizning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi mamlakatimizda so‘nggi to‘qqiz yil davomida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarni chuqur tahlil etib, ularning mantiqiy natijalarini umumlashtirgan holda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining kelgusi bosqichlari uchun aniq va hayotiy maqsad hamda vazifalarni belgilab berdi. 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, islohotlarning eng muhim mezoni ularning har bir mahalla, har bir oila va har bir inson hayotida amaliy samara berib, odamlar turmush tarzida sezilarli o‘zgarish yaratayotganidir. Bu yondashuv xalq manfaatini davlat siyosatining bosh mezoniga aylantirgan ochiq va ijtimoiy adolatga asoslangan boshqaruv tizimining yorqin ifodasi.

2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilinishi mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rnini yangi bosqichga olib chiqish, aholi muammolarini joyida hal etish, fuqarolarning tashabbuskorligi va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan muhim strategik qaror sifatida tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. 

Kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etilib, viloyatlarda ikki-uchtadan tuman tanlab olinib, mahallalardagi ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilmaviy muammolarni bir vaqtning o‘zida hal etishga qaratilgan yaxlit tizim yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayonda tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. 

Prezidentimiz tomonidan deputat so‘rovlari ijrosi ustidan qat’iy parlament nazorati o‘rnatilishi, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan huquqiy choralar ko‘rilishi davlat boshqaruvida qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan qat’iy siyosiy irodaning yaqqol namoyonidir. 

Murojaatnomada fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishi jamiyatda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiq muloqot va ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlaydi. 

Shuningdek, jinoyat protsessiga “Xalq vakillari hay’ati” institutining bosqichma-bosqich joriy etilishi sud-huquq tizimida adolat, oshkoralik va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga turtki beradi. Ta’kidlanganidek, yangi yutuq va ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Ushbu strategik hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, xalqimiz fikr-mulohazalari asosida takomillashtirilishi – davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli muloqotning yana bir ko‘rinishidir. 

Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston – erkin fikrlaydigan, faol, mas’uliyatli va bunyodkor insonlar yurtiga aylanmoqda. Bu yo‘lda har bir fuqaro, har bir mahalla, har bir tashkilot davlat rahbari belgilab bergan ustuvor vazifalar ijrosiga o‘z hissasini qo‘shishi – davr talabidir. 

Isroiljon Jo‘rayev, 

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi

 Namangan viloyat kengashi raisi.

O‘zA.