Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining strategik dasturi
11:42 / 2026-01-15

Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 dekabrdagi Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida muhim dasturiy hujjatlardan biri bo‘lib, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategik yo‘nalishlarni belgilab berdi. 

Murojaatnoma nafaqat davlat boshqaruvi organlari, balki jamiyatning barcha qatlami vakillari uchun dasturulamal vazifasini o‘taydi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnomada o‘tgan yillarda amalga oshirilgan islohotlarni sarhisob qilish bilan birga, joriy yilning nomlanishi va amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar haqida keng to‘xtaldi. 

Mamlakatimizda o‘tgan 9 yilda amalga oshirilgan islohotlar zamirida inson qadrini ulug‘lash, xalq bilan muloqot qilish va islohotlar samarasini har bir xonadon his etishiga erishish bosh maqsad etib belgilangan. Ana shu maqsad yo‘lida yurtimizda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Xususan, iqtisodiyot, energetika, suv ta’minoti, ilm-fan, sport va aholini kambag‘allikdan chiqarish yo‘nalishlarida katta yutuqlarga erishildi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinganligi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi.

Bugungi globallashuv sharoitida har bir davlat o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yib, taraqqiyotning samarali yo‘lini tanlashi muhim ahamiyat kasb etadi. Prezident Murojaatnomasida aynan shunday yondashuv namoyon bo‘lib, unda Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi asosiy ustuvor tamoyil sifatida ilgari surildi. Islohotlarning markazida inson qadrini ulug‘lash, xalq manfaatlarini ta’minlash va adolatli jamiyat qurish masalalari turishi alohida ta’kidlandi.

Murojaatnomada iqtisodiy sohani rivojlantirish masalalariga keng o‘rin berildi. Xususan, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, sanoatni modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhim vazifalar sifatida belgilandi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotining mustahkam poydevorini shakllantiradi.

Ijtimoiy soha Murojaatnomaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ta’lim va tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, yoshlarning bilim va salohiyatini rivojlantirish masalalari davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida belgilandi. Zamonaviy maktablar qurish, oliy ta’lim qamrovini kengaytirish, ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash orqali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish va aholining turmush sifatini oshirish masalalari Murojaatnomaning muhim jihatlaridan biri bo‘ldi. 

Prezident Murojaatnomasida sud-huquq tizimini isloh qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Adolatli va ochiq sud tizimi, davlat organlarining xalq oldidagi mas’uliyati Yangi O‘zbekistonning demokratik taraqqiyotini belgilovchi asosiy omillardan biridir.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muammolarga e’tibor qaratish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish ham Murojaatnomaning dolzarb yo‘nalishlari qatoridan o‘rin oldi. Bu esa kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyatimizni anglash va barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Unda belgilangan maqsad va vazifalar xalqimizning farovon hayotini ta’minlash, mamlakatimizni kuchli, demokratik va rivojlangan davlatga aylantirishga qaratilgan. Ushbu tarixiy hujjat jamiyatimizda birdamlik va kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchni mustahkamlab, har bir fuqaroni yurt ravnaqi yo‘lida faol bo‘lishga undaydi.

Nigoraxon Qashqaboyeva,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari.

O‘zA