English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining huquqiy asosi
09:20 / 2025-12-05

8 dekabr –O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

Mamlakatimizda 8 dekabr har yili O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan sana sifatida keng nishonlanadi. Ayniqsa, oxirgi uch yilda mazkur bayram yanada yuqori ruhda o‘tmoqda. Chunki ana shu kunda fuqarolarimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasini o‘zida aks ettirgan, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlarini hisobga olgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilinganligini nishonlab kelishmoqda.

E’tiborlisi islohotlar asnosida xalqimizning ko‘p yillik orzu-umid va istaklari konstitutsiyaviy norma sifatida o‘z aksini topdi. Xususan, so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarimiz, jumladan, iqtisodiyot, inson huquqlari, odil sudlov, so‘z va e’tiqod erkinligi, ijtimoiy himoya sohalaridagi yuzlab cheklovlarning olib tashlangani, naqd pul, valyuta, kredit masalalaridagi muammolarning hal qilingani va boshqa ijobiy harakatlar ortga qaytmasligining konstitutsiyaviy himoyasi ta’minlandi.

Shu bilan birga, konstitutsiyaviy islohot davlat va jamiyat boshqaruvi tizimidagi yondashuvni va faoliyat tamoyillarini tubdan o‘zgartirishga, Yangi O‘zbekistonda o‘zaro munosabatlarning asosi sifatida “davlat – jamiyat–inson” tamoyili o‘rniga “inson – jamiyat – davlat” g‘oyasi asos qilib olinishiga sabab bo‘ldi.

Qolaversa, tariximizda ilk bor O‘zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilandi. Ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yildi. 

Konstitutsiyaning 43-moddasida kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlarni olishi belgilandi. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar uch barobarga ko‘paydi. 

Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Ushbu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar yaqin tariximizda “snos”lar bilan bog‘liq ro‘y bergan salbiy holatlarni to‘laqonli bartaraf etishga xizmat qildi. Konstitutsiyaning 47-moddasida hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi kafolatlab qo‘yildi.

Shuningdek, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalarning ham to‘rt barobarga ko‘payganligi aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Qolaversa, aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha ham aniq norma belgilab qo‘ildi.

Yangilangan Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy yo‘nalishdagi o‘zgarishlarni albatta ta’lim tizimisiz tasavvur etib bo‘lmadi. Konstitutsiyada ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, ilk bor o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘ldi. Nogironligi bor bolajonlarimizga o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishi uchun inklyuziv ta’lim Konstitutsiyaga kiritildi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun muhim kafolatdir.

Kiritilgan yangi normalar sabab, davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirildi. 

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Konstitutsiya 1992 yilda qabul qilinganidan buyon unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning deyarli barchasi asosan davlat va jamiyat qurilishi, jumladan, Prezident, Parlament, Hukumat faoliyati, saylov tizimi va boshqalarga taalluqli bo‘lgan edi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan normalarning yarmidan ko‘pi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyatlidir.

Xususan, Bosh qomusimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilandi. Inson huquqlariga oid normalar uch baravarga ko‘paydi. Qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal bo‘lishi shart ekanligi belgilandi. Bu inson va davlat o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklarni bartaraf etib fuqarolarni ortiqcha sarsongarchilikdan qutqaradi.

Umuman olganda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi. Bu esa har bir fuqaroga o‘z huquq va erkinliklarini to‘laqonli himoya qilish imkonini beradi.

Nilufarxon Said-Gaziyeva,

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi

Devon rahbari, yu.f.d.

O‘zA