Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga birgalikda hissa qo‘shamiz
21:15 / 2025-07-29

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan “Do‘stlik” festivali doirasida Milliy madaniy markazlar pavilonlarining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz tashabbusi asosida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga tutash hududda barpo etilgan ushbu fayzli pavilonlarning tantanali ochilishiga keng jamoatchilik vakillari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning mutasaddilari, milliy madaniy markaz faollari taklif etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev mamlakatimizda turli millat va elatlarning o‘zaro hamjihat, totuv, yagona oila farzandidek istiqomat qilishi xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilayotganini ta’kidladi. 

[gallery-24527]

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda millatlararo totuvlikni asrab-avaylash, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, jamiyatda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan bayram tabrigi bu yilgi ayyomga o‘zgacha ruh bag‘ishlamoqda. 

Poytaxtimizda bunyod etilgan milliy madaniy markazlar uchun betakror pavilonlar ham bu boradagi g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy namunasidir. 

- Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillarining istiqomat qilishi bu diyorda azaldan do‘stlik, tinchlik, bag‘rikenglik mudom ustuvor bo‘lganini anglatadi, – dedi O‘zbekiston Koreys milliy madaniy markazlari assotsiatsiyasi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak. – Biz har xil tilda so‘zlashamiz. Urf-odatlarimiz turlicha. Lekin bir-birimizni juda yaxshi tushunamiz. Chunki Vatanimiz – O‘zbekiston! 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasida Prezidentimiz tomonidan 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi kuni” deb e’lon qilindi. Bu bayram endilikda butun mamlakatimiz bo‘ylab bir hafta davomida “Do‘stlik” festivali sifatida keng nishonlanmoqda. 85 yildan buyon koreyslar O‘zbekistonda yashab kelmoqda. Ular O‘zbekistonni o‘z Vatani deb biladi. Ana shunday ulkan e’tibor uchun Prezidentimizga rahmat. Biz yagona oila bo‘lib, yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shamiz. 

[gallery-24528]

- Davlatimiz rahbari aytganlaridek, O‘zbekistonning boyliklari ko‘p, lekin uning eng katta boyligi ko‘p millatli xalqidir, - dedi Respublika Turkman milliy madaniy markazi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guldona Avezdurdiyeva. – Vatanimiz tinchligi, taraqqiyotiga astoydil hissa qo‘shish barchamizning burchimiz. 

Chindan ham milliy madaniy markazlar uchun barpo etilgan fayzli pavilonlar turli millat va elatlarning an’ana va urf odatlari, tarixi, madaniyatini inobatga olgan holda yaratilgan. Bu yerda ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining an’ana va qadriyatlarini ravnaq toptirish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar bor. 

Tadbirda milliy madaniy markazlar badiiy jamoalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslan Davletov so‘zga chiqdi. 

Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA