Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi – yangicha rivojlanishlar
16:43 / 2022-02-01

bugungi davrda Yangi O‘zbekiston “Inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat” degan muhim g‘oya negizida rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbari belgilab bergan bu ulug‘vor maqsad asosida xalqimiz yangidan-yangi islohotlarning haqiqiy muallifi sifatida rivojlanishlar jarayonlarida ishtirok etmoqda.

So‘nggi ikki oy ichida keng jamoatchilik bilan olib borilgan uzoq muhokamalardan so‘ng, 2022 yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Qabul qilingan farmon loyihasi bo‘yicha 17,5 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan. Ularni har tomonlama ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, hujjatga qariyb 100 ta konseptual hamda 200 dan ortiq aniqlashtiruvchi tahririy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Farmonda O‘zbekistonni keyingi 5 yilda rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishlari: inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish; mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish; milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash; adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish; ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish; umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish; mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borishga qaratilgan masalalar qamrab olingan.

Mazkur ustuvor yo‘nalishlar doirasida 100 ta maqsadlarga erishishga qaratilgan va 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 398 ta chora-tadbir nazarda tutildi. Xususan, ko‘p sohalar bo‘yicha yangi tartib-qoidalar, xususan aholi va tadbirkorlar uchun yengilliklar, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatidagi o‘zgarishlar, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini transformatsiya qilish borasidagi yangi islohotlar o‘z aksini topgan. Jumladan, davlat boshqaruvi organlarining “Davlat – inson uchun” tamoyili asosida hududiy masalalarni hal qilishdagi mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish hamda ularning strategik yo‘nalishlarni rejalashtirishga qaratilgan yangi tizim yaratiladi.

Shuningdek, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati
55 trillion so‘m va 11,7 milliard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Namangan davlat universitetining ham taraqqiyot strategiyasi asosida o‘rta va uzoq muddatlarga mo‘ljallangan strategik dasturi ishlab chiqildi. Jumladan, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yo‘nalishida universitetning mahallalar bilan hamkorlikda ishlashini tashkil etish, mahallalarda uyushmagan yoshlar uchun o‘quv kurslari tashkil etish, iqtidorli talabalar va uyushmagan yoshlar o‘rtasida uchrashuvlar, san’at va sport turlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish,  “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida universitet professor-o‘qituvchilarining tumanlarda tizimli faoliyat olib borishiga erishish, mahalla yoshlariga universitetning axborot resurs markazlaridan erkin foydalanishlarini yo‘lga qo‘yish kabi strategik maqsadlar belgilab olindi.

Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yo‘nalishida esa asosiy e’tibor huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, korrupsiyaga qarshi tizimli ish tashkil etish, qonuniylikni qat’iy ta’minlovchi, ochiq va adolatli faoliyat olib borishning mustahkam huquqiy asoslarini yaratish hamda “Qonun – ustuvor, jazo – muqarrar” tamoyilini bosh mezonga aylantirish, aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish, bu borada fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayonlariga qaratildi.

Talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etishda loyihalarni moliyalashtirishning maqbul usullarini yo‘lga qo‘yish, hududdagi oliy ta’limga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkilotini tashkil etish, universitetda tibbiyot xodimi faoliyatini joriy etish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan talabalarning umumiy sonini oshirish, universitetda turli ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish kabi chora-tadbirlar adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishidagi asosiy maqsadlar sifatida belgilab olindi.

Ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash yo‘nalishida zamonaviy targ‘ibot mexanizmlarini joriy etish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini tashkil etishning ta’sirchan, kreativ va innovatsion uslublarini ishlab chiqish hamda ularni o‘z vaqtida amalga oshirish choralarini ko‘rish, ma’naviy jihatdan sog‘lom axborot makonini shakllantirish, universitetda “Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasi asosida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tadbirlarini yanada kuchaytirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shuningdek, bolalar uylari tashkil etayotgan oilalarga kitoblar to‘plami taqdim etish va “Mehr kutubxonasi” loyihasini amalga oshirish, universitet “Talabalar teatr studiyalari” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabi strategik vazifalar belgilab olindi.

Prezidentimizning “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalariga bir qator qo‘shimcha vakolatlar berildi. Jumladan, o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, ta’lim tilini hamda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim olish shaklini belgilash, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun o‘qish davomiyligi muddatlarini belgilash, doktoranturada to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymatini belgilash, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qo‘shimcha ravishda qabul qilish kabi vakolatlar juda muhim ahamiyatga ega.

Oliy ta’lim muassasasi va uning tuzilmasidagi ta’lim muassasalari uchun o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish huquqini berilishi ta’lim jarayonini o‘quv-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlashdagi muammolarni hal etishda keskin burilish yasaydi.

Qarorga asosan tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida faoliyatining asosiy yo‘nalishi ta’lim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmaydigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish, oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlardan qat’i nazar muassasaning tuzilmasini tasdiqlash va shtat birliklari sonini belgilash, pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash, xorijiy davlat fuqarolarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish va masofaviy ta’lim olish shaklida o‘qitishni tashkil etish kabi vakolatlar oliy ta’lim muassasalariga berilganligi juda muhim qadam bo‘ldi.

Namangan davlat universitetida so‘nggi 3 yil ichida universitetda mavjud ta’lim yo‘nalishlari 26 tadan 55 taga, magistratura mutaxassisliklari 16 tadan 31 taga yoki o‘rtacha 2,1 martaga oshdi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda yurisprudensiya, davolash ishi, pediatriya ishi, axborot texnologiyalari va tizimlari, biotexnologiya, sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik, mevachilik va uzumchilik, issiqxona xo‘jaligini tashkil etish va yuritish, turizm, mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish, amaliy san’at, rangtasvir, vokal san’ati, cholg‘u ijrochiligi kabi mutlaqo yangi ta’lim yo‘nalishlarining tashkil etilishi universitetning milliy va mintaqaviy ta’lim bozoridagi mavqeini tubdan oshirdi.

Talabalarning o‘quv adabiyotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 3 ta yo‘nalishda, jumladan, yangi adabiyotlar xarid qilish asosida axborot-resurs markazi kitob fondini oshirish, mavjud adabiyotlarning elektron formatini yaratish hamda universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan o‘quv adabiyotlarini chop ettirish kabi amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Pirovardda bugungi kunda universitet axborot-resurs markazi jami kitob fondi 271 ming 206 nusxani tashkil etib, undan 147 ming 20 nusxasi bevosita darslik va o‘quv qo‘llanmalardir.

Ayni paytda 15 ming 650 nomdagi kitob elektron formatga aylantirilgan bo‘linsa, birgina 2021 yilning o‘zida universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan 10 ta darslik va 17 ta o‘quv qo‘llanma yaratilib, bu o‘tgan 2020 yilga nisbatan 4 barobarga ortiqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020 yil 30 iyundagi “2020/2021 o‘quv yilidan ta’lim jarayonining kredit-modul tizimiga o‘tishi to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida joriy o‘quv yilidan respublikaning 33 ta oliy ta’lim muassasalari va ular filiallarida bosqichma-bosqichlik asosida kredit-modul tizimi joriy etildi. Mazkur oliy ta’lim muassasalari orasida Namangan davlat universiteti ham bo‘lib, bugungi kunda 1-2-kurslarda o‘quv jarayoni to‘liq kredit-modul tizimida tashkil etilmoqda.

Universitetda ta’lim jarayonining amaliyot bilan uzviy aloqadorligini ta’minlash, “ta’lim-fan-ishlab chiqarish” integratsiyasi uchun real shart-sharoit yaratish, oliy ta’limdagi yuqori intellektual salohiyatdan maktab ta’limida keng foydalanish orqali, yoshlarimizning oliy ta’limga qamrovini oshirish, ilm-fanga qiziqishlarini rag‘batlantirish maqsadida 5 kunlik ta’lim haftasiga o‘tildi. Mazkur jabhada hamkorlik masalalari bo‘yicha Namangan viloyatidagi 40 dan ortiq korxona, muassasa va tashkilotlar bilan memorandumlar imzolangan.

Namangan davlat universitetida ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda http://hemis.namdu.uz tizimi ishga tushirilgan. Universitetning strukturasi, barcha ta’lim va ilmiy jarayoniga oid normativ huquqiy xujjatlar, xodimlar ma’lumotlari shu tizim orqali yuritib kelinmoqda. Xozirga qadar 1162 nafar professor-o‘qituvchilar, 26804 nafar talabalar HEMIS tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shuningdek o‘tgan 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchi talabalarining diplom ma’lumotlarishakllantirilgan va HEMIS tizimi orqali berish amalga yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, talabalar uchun universitetning http://mt.namdu.uz masofaviy ta’lim platformasi orqali qo‘shimcha masofaviy dars jarayonlari tashkil etish yo‘lga qo‘yilgan. Professor-o‘qituvchilar tomonidan 50 mingdan ortiq dars mashg‘ulotlarining elektron resurslari tizimga joylashtirilgan.

O‘tgan yillar universitet uchun ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash borasida yuksalishlar davri bo‘ldi. Jumladan, birgina 2021 yilda universitetda doktorantura orqali 28 ta ixtisoslik bo‘yicha 73 nafar tayanch doktorant tahsil olgan bo‘lsa, 2022 yilda bularning soni 151 nafarga yetdi. Doktorantura tizimi orqali kadrlar tayyorlash 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 2 barobarga ortdi.

Ilmiy kadrlar tayyorlash borasida 2022 yilga kelib universitetda 13 ta ixtisoslik bo‘yicha dissertatsiya ximoyasi amalga oshiriladigan 6 ta ilmiy Kengashlar tashkil etilishi ilmiy salohiyatli kadrlar sonini ortishiga xizmat qilmoqda.Universitetda ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar soni 1 yil davomida 200 nafardan 260 nafarga yetkazildi.

Keyingi yillarda universitetda ilmiy loyihalarni respublika va xalqaro grantlar doirasida bajarilishining salmog‘i ham keskin ortganligini kuzatish mumkin. Xususan,Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi dolzarb bo‘lgan 8 ta fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar, shuningdek yosh olimlarning innovatsion loiyhalari, startap loyihalari  amalga oshirilmoqda.  Ushbu loyihalarning moliyaviy qiymati 9,2 milliard so‘mni tashkil etadi.

Universitetda ayni paytda Jahon banki granti orqali, moliyaviy hajmi 200000 AQSH dollari miqdoridagi Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan  “Akvakultura (baliqchilik) bo‘yicha o‘quv-amaliy trenajyor kompleksini tashkil etish” ilmiy loyihasi amalga oshirilmoqda. Mutaxassislarning e’tirof e’tishicha, ushbu loyihaning natijasi o‘laroq, baliqchilik sohasida jahon miqyosidagi fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan markaz yuzaga keladi va baliqchilik sohasida malakali kadrlar tayyorlashga katta xizmat qiladi.  

Universitet olimlari hududdagi muammolarni ilmiy yechimiga qaratilgan tadqiqotlarga alohida e’tibor qaratishmoqda va Namangan viloyati hokimligining moliyaviy ko‘magida yirik ilmiy-amaliy loyihalarga qo‘l urishgan. Xususan, qurilish bozorida talab yuqori bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi polivinilatsetatni ishlab chiqarish loyihasi, shuningdek, asosan mahalliy xom-ashyolardan tarkib topgan payvandlash elektrodlarini  ishlab chiqarish loyihasi hamda dorivor o‘simliklar plantatsiyasini yaratish hamda sug‘orilmaydigan maydonlarda bog‘ yaratish texnologiyasi loyihalaridir. Ushbu loyihalar uchun viloyat hokimligi mablag‘laridan 3,645 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Universitetda olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy ishlanmalar asosida, “NamDU” brendi ostida mahsulotlar ishlab ishlab chiqarilishga asos solinmoqda. Jumladan, meva-sabzavotlarni qayta ishlab oyiga 10 tonnagacha sukat ishlab chiqarish liniyasi yaratilmoqda. Shuningdek,  intensiv  usulda bir mavsumda 4 tonnagacha forel, osyotr baliqlari yetishtirishni va iste’mol uchun sotuvga chiqarilishi ta’minlaydigan sun’iy baliq xavzalari yaratildi.

Universitetda ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli talabalar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Yosh tadqiqotchilar ham ustozlari kabi 2021 yilda ko‘plab yutuqlarga va yuqori natijalarga erishdilar. Talaba va magistrlar tomonidan ishlab chiqilgan “Maktablar uchun fizika fanining optika laboratoriya mashg‘ulotlari uchun majmuaviy laboratoriya”,“Ko‘rishda nuqsoni bor o‘quvchilar uchun relefli karta”, “Animatsion yondashuv asosida boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ekologik ta’lim berish texnologiyasi”, “Saraton kasalliklarida HER2 onkomarkeri statusini aniqlash diagnostika usuli” loyihalari Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mahsulot yaratishga yo‘naltirilgan  startap loyihalari sifatida 2,2 milliard so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirildi.

Namangan davlat universitetda iqtidorli talaba yoshlarni  qo‘llab-quvvatlash ustivor masalalardandir. Universitetda “Ustoz-shogird” tizimi asosida 2500 nafar iqtidorli talaba sohaning yetakchi olimlargiga  biriktirilgan. Ushbu faoliyatning samarasida 2021 yilda 150 nafar talabalar turli respublika va xalqaro miqyosidagi tanlov va musobaqalarda g‘olib bo‘ldilar.

Ayni paytda Namangan davlat universitetida 8 nafar davlat  stipendiyasi sohiblari, 7 nafar respublika fan olimpiadasi g‘oliblari, 12 nafar ilmiy sohada yutuqlarga erishgan iqtidorli talabalar, 2 nafar Olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi, 150 dan ortiq respublika, 50 dan ortiq xalqaro musobaqalar sovrindorlari tahsil olmoqdalar.

O‘tgan yil davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1269 nafar talabalar “Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi” hisobidan moddiy qo‘llab-quvvatlandi, ushbu hayrli ish uchun jami 657 million so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratildi. 42 nafar talaba qizlarning kontrakt pullari Namangan viloyati hokimligi tomonidan, 41 nafar talaba qizlarning kontrakt pullari universitet kengashi qarori bilan qoplab berildi, 34 nafar talabalarning 111 million so‘m miqdordagi kontrakt pullari homiylarni jalb etish orqali to‘lab berildi.

7 nafar “Temir daftar”ga kirgan oilalarning farzandlari bo‘lgan talabalarga 48 million so‘m miqdoridagi kontrakt puli qoplab berildi. 13 nafar yetim va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar uchun o‘quv, ilmiy va badiiy kitoblar xarid qilish harajatlari uchun 17 million 500 ming so‘m subsidiya ajratildi.

Talabalar turar joyida oylik yashash puli 78 ming 50 so‘mdan 50 ming so‘mga, ya’ni 33 foizga arzonlashtirildi. Natijada bir yilda 500 million so‘mga yaqin mablag‘ yoshlar uchun chegirma qilib berildi. 101 nafar talabalar, jumladan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan talabalarning 12 nafari, “Temir daftari”da ro‘yxatga olingan 8 nafar, nogironligi bor 81 nafar talabalar uchun talabalar turar joylarida alohida imtiyoz asosida bepul joy bilan ta’minlandi.

21 nafar a’lo o‘qishi va namunali xulqqa ega bo‘lgan talabalar 30 mln. so‘m miqdorida moddiy rag‘batlantirildi. 10 nafar talabalarga har oy kiyim bosh uchun 540 ming so‘mdan moddiy yordam berib borilmoqda. 10 nafar talabalar har oyda stipendiyaning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ bilan rag‘batlantirib borilmoqda. 2 nafar talabaga zamonaviy televizor, 50 dan ortiq talabalarga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Universitet rahbariyati tomonidan talaba yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borish 2022 yilda ham ustuvor maqsadlardan biri bo‘lib qoladi.

Universitetda moddiy-texnik bazani rivojlantirishga muntazam e’tibor berib kelinmoqda. Jumladan, o‘tgan yilda o‘quv binolarini ta’mirlashga 5 milliard 652 million 480 ming so‘m, axborot resurslar markazlari, faollar zallari hamda sport zallarida joriy ta’mirlash ishlari uchun 2 milliard  523 million 555 ming so‘m, talabalar turar joylarida shart-sharoitlarni yaxshilash uchun 1 milliard 495 million 500 ming so‘m, isitish tizimlarini yaxshilash uchun 558 million 85 ming so‘m mablag‘ sarflandi.

Universitetning amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish va ta’mirlash ishlari bo‘yicha 2022 yil dasturiga muvofiq, Namangan shahar Uychi ko‘cha 316-uyda joylashgan ma’muriy va o‘quv binosi issiqlik tizimi va ma’muriy hamda o‘quv binosining 3-4 qavatlarini joriy ta’mirlash, Namangan shahar Boburshoh ko‘chasi 161-uydagi Biotexnologiya laboratoriya binosini mukammal ta’mirlash, shu hududdagi stadionni joriy ta’mirlash, 2022-2024  yillar davomida Namangan shahar Boburshoh ko‘chasi 161-uyda yangi qurilish yo‘li bilan Innovatsion fakultet binosining qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Namangan davlat universitetining Namangan shahar, Boburshoh ko‘chasi 161-uyda joylashgan Talabalar turar joyi hududidagi maydonga 2022 yilda DXSH asosida talabalar turar joyi binosini qurish rejalashtirilgan.  Ushbu manzildagi hududdan turar joyi binosi uchun 0.30 ga yer maydoni ajratildi. Binoning qurish uchun xususiy sherik “Munisabonu” firmasi bilan muloqotlar olib borilmoqda.

Xulosa sifatida aytish kerakki, oliy ta’lim tizimi shiddat bilan o‘zining yangi renessans davri sari intilar ekan, bu borada amalga oshirilgan olamshumul o‘zgarishlar bugun O‘zbekistonda akademik va moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim dargohlari maydonga chiqishi uchun eng qulay shart-sharoitlarni vujudga keltirdi.

Bundan keyin ham professional ta’lim tizimining rivojlanayotgani, oliy ta’lim muassasalarining jahon ta’lim makoniga integratsiyasi ortganligi, ularning zamonaviy ilmiy va o‘quv laboratoriyalari bilan jihozlanganligi, qo‘shimcha o‘quv va yotoq o‘rinlari tashkillanganligi, iqtidorli yoshlarni saralash tizimi yaratilganligi, oliy ta’lim tizimiga xalqaro moliya institutlari va horijiy hukumat moliya tashkilotlarining imtiyozli kredit mablag‘lari joriy etilishi, tizimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirilganligi, universitetlar soni oshib, xususiy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari tobora ko‘payib borayotganligi, bitiruvchilarning qamrov darajasi ortganligi va oliygohlarning keng ko‘lamda raqamlashtirilganligi kabi taraqqiyot bosqichlari yanada shiddat bilan davom etadi. Chunki moliyaviy mustaqillik bu kabi o‘zgarishlarga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Sobitxon Turg‘unov,
Namangan davlat universiteti rektori

O‘zA