Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi va Yoshlar siyosati BMT minbaridan taqdim etildi
15:26 / 2022-09-25

Mamlakatimiz tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 77-sessiyasidagi nutqida so‘nggi yillarda yurtimizda jadallik bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarga alohida to‘xtaldi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi haqida ma’lumot havola etildi. Mazkur dasturiy hujjat o‘tgan besh yil ichidagi ijobiy o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, demokratik jarayonni chuqurlashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini jadal va har tomonlama amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

Xususan, 2030 yilga kelib O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini ikki baravar kamaytirish, barcha muhtojlarni qamrab olgan holda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, aholi daromadi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni rejalashtirmoqda.

Sessiya ishtirokchilari e’tibori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarga ham qaratildi. Mazkur jarayonning asosiy mazmun-mohiyati "Inson sha’ni va qadr-qimmati uchun" tamoyilida aks etgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari ma’ruzasida mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘g‘il-qizlarimizning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida erishilgan yutuqlarni ham qayd etdi. Xususan, so‘nggi besh yil ichida yoshlarning oliy ma’lumot olish darajasi 9 foizdan 29 foizga, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish 27 foizdan 67.2 foizga ko‘tarilganiga urg‘u berdi.

2023 yil respublikamizda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlar Kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. V.Norov mazkur tadbir yangi g‘oyalar, aniq takliflar uchun qulay maydon bo‘lishiga ishonch bildirdi.
BMTga a’zo davlatlar ta’lim vazirlari joriy yil 14-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasiga taklif qilindi. Ushbu anjuman umuminsoniy, adolatli va sifatli ta’limni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or tajribani o‘zaro almashishga xizmat qiladi.


G‘.Xonnazarov, O‘zA