Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston taraqkiyotining mustahkam poydevori
14:05 / 2025-12-29

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasini intiqlik bilan tingladik, eshitdik.

Murojaatnomada joriy yil davomida amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar va yutuqlar atroflicha tahlil qilindi hamda kelgusi yil uchun belgilangan ustuvor vazifa, maqsadlar aniq belgilab berildi.  Davlatimiz rahbari xalqimiz va Parlamentga qilingan ushbu murojaatida biron-bir javhani e’tibordan chetda qoldirmadi.  

Prezidentimiz kelgusi 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildi va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan ustuvor maqsad va vazifalarga oid asosiy yo‘nalishlarni belgilab berdi.

Murojaatnomada aytilganidek, mahalla – bu nafaqat aholining yashash joyi, balki jamoatchilikning birdamligi, ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning asosiy ustuni hamdir. Shuning uchun ham Yangi O‘zbekistonda mahallaga xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigi sifatida e’tibor qaratilyapti. Mahallada “yettilik” tizimining joriy qilingani esa islohotlar samaradorligini oshirdi, ushbu tizim orqali 100 dan ortiq xizmat mahalla darajasiga tushirildi. 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, ishsizlik darajasi esa ikki barobarga qisqardi.  

Ta’kidlanganidek, ko‘pchiligimiz uchun avvallari 100 milliard dollarlik marra ushalmas orzudek tuyulardi. Lekin mehnatimiz mevasi o‘laroq, bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bu shunchaki katta raqam emas, bu — yurtimizda minglab yangi korxonalar ochilgani, odamlarimizning ishli bo‘layotganidan dalolat. Eksportimiz ham 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarga yetgani dunyo bozorida o‘zbek mahsulotiga talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.  

Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt ta’sirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi.  

Sanoatda avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada aqlli texnologiyalar va transportda intellektual boshqaruv kundalik hayotga kirib keldi. Shu sababli mamlakatimiz mehnat bozori kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi lozim. Bu jarayonda texnikumlarga zamonaviy muhit yaratuvchi institut sifatida qaralmoqda. Qayd etilishicha, 2026 yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, talab yuqori kasblarga mos jihozlanadi.  

Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimiz belgilab bergan ushbu ustuvor vazifalar Yangi O‘zbekistonda inson qadri, adolat va farovonlikni ta’minlash yo‘lida muhim dastur bo‘lib xizmat qiladi.  

Guljan  Xalmuratova, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

O‘zA