English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston sportining yangi zarvaraqlari
11:39 / 2025-07-24

Odamlarga yaxshi gap aytish, ularning ko‘nglini ko‘taradigan iliq so‘zni doimiy tarzda takrorlash mumkin. Ammo aytilgan tilak bilan amaliy ish bir-biriga mutanosib kelmasa ishonchga, ertangi yorug‘ kunlarga yetishishdek ulug‘ niyatu orzularga darz ketadi.

Yurtimizda odamlar orasida ertangi kunga ishonch, yangilikka intilish, bunyodkorlik, shijoat tuyg‘ulari keng yoyildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, uning tegrasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar xalqimiz hayotiga farovonlik olib kirdi.

Yurt taraqqiyotiga kamarbasta bo‘layotgan, jamiyatda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng yoyish bilan birga, Vatanimiz shuhratini xalqaro maydonda ulug‘lashga benazir hissa qo‘shayotgan jismoniy tarbiya va sport tizimidagi natijalarga bir ko‘z yugurtiring, muvaffaqiyatlardan qalbingizga shukronalik zohir bo‘ladi.

Mamlakatimiz sportchilarining 1996 yilgi yozgi Atlanta Olimpiadasidan 2016 yilgi Rio Olimpiadasigacha o‘tgan oltita o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan “Tokio-2020” va “Parij-2024” Olimpiadasi davridagi erishilgan natijalarni taqqoslab ko‘rsangiz, sohada qanchalik yuksalish bo‘lganiga amin bo‘lasiz.

Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, 29 yil avvalgi “Atlanta-1996” Olimpiadasida yurtimiz sportchilari 1 tadan kumush va bronza medali bilan 58-o‘rinni, undan keyingi “Sidney-2000”da 1 tadan oltin va kumush, 2 ta bronza evaziga 43-o‘rinni, “Afina-2004”da 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan 35-o‘rinni, “Pekin-2008”da 1 ta kumush, 3 ta bronza bilan 63-o‘rinni, “London-2012”da 1 ta oltin, 2 ta bronza bilan 48-o‘rinni, “Rio-2016”da 4 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza bilan 21-o‘rinni, “Tokio-2020” olimpiadasida 3 ta oltin, 2 ta bronza hisobiga 32-o‘rinni va nihoyat, “Parij-2024” Olimpiadasining murosasiz bahslarida 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan mahoratli sportchilarimiz umumjamoada 13-o‘rinni egalladi.

Endi o‘sha oltita yozgi Olimpiya o‘yinlarida umumiy hisobda 8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 ta bronza medali qo‘lga kiritilganini nazarda tutsak, va keyingi Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida boshlangan tub islohotlar davridagi “Tokio-2020” va “Parij-2024”da 11 ta oltin, 2 ta kumush, 5 ta bronzali bo‘lganimizni taqqoslasak, sifat ko‘rsatkichi jihatdan o‘zbek sporti keyingi 7-8 yilda yuksalish sari “katta sakrash”ni amalga oshirgani anglashiladi.

Xo‘sh, qisqa fursatda O‘zbekiston sportidagi bunday rivojlanishga qaysi omillar asosida erishildi? Umuman, Yangi O‘zbekiston g‘oyasidan kelib chiqib, mamlakatimizning jismoniy tarbiya va sport qiyofasi qanchalik o‘zgarishlarga yuz tutdi?

[gallery-24437]

O‘zbekistonda “aholining jismoniy tayyorgarlik darajasi”ni belgilash, sog‘lom turmush tarziga, sog‘lom ovqatlanish, ertalabki mashqlarni joriy etish, mahallalarda salomatlik maydonchalari barpo qilish, yugurish, velo yo‘laklar qurish, har bir tashkilot, ta’lim muassasalarida, mahallalarda sport to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga bugungidek e’tibor, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilgan, deya olamizmi?

Oldin ham bunday tashabbuslar ilgari surilgan bo‘lsa bordir. Rejalar, dasturlar ishlab chiqilgani, tonna-tonna qog‘ozlar qoralangani, uning ortidan yuzlab loyihalar chizmalarda aks etgani ham bor haqiqat. Lekin amaliy ishlar balandparvoz va’dalar, shiorlar soyasida qolib ketganiga tarix guvoh.

Qisqa fursatda yurtimizda har tomonlama qulay biri-biridan ko‘rkam mahallalar, guzarlar barpo etildi. Bolalar maydonchalari, sport maydonchalari, dam olish xiyobonlari, istirohat bog‘lari yaratildi. Ularda sayr etayotgan, hordiq chiqarayotganlarni, maydonchalarda shodligi bir olam bolajonlarni ko‘rib, Yangi O‘zbekiston qiyofasi, oddiy oilalarga beqiyos surur bag‘ishlayotgani, ertangi yorug‘ kunlarga oshuftalik tuyg‘usi qalblarga omuxta bo‘lib ketganiga guvoh bo‘lasan, kishi.

Bugun mamlakatimizning eng chekka hududlaridagi mahalla guzarlari ham biri-biridan shinam sport maydonchalariga, mashg‘ulot o‘tash mumkin bo‘lgan sog‘lomlashtirish maskanlariga ega bo‘ldiki, ko‘rib ko‘z quvnaydi. 

Xalqimiz orasida qalovini topsang qor yonadi, degan gap bor. Prezidentimiz faoliyatining ilk kunlaridan O‘zbekistonda sport harakatini yangi bosqichga olib chiqish, etno va milliy sport turlari rivojini ta’minlash, olimpiya sport turlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, iqtidorli sportchi yoshlarni tanlash tizimini xalqaro talablar darajasida belgilashga e’tibor qaratdiki, shu asosda o‘tgan yillar davomida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yil birinchi yarim yilligida mamlakatimizda olimpiya sport turlari bo‘yicha 459 ta sport tadbirlari tashkil etilgan bo‘lsa, shundan 190 tasi O‘zbekiston chempionati va kubok musobaqalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Yarim yillik davomida Vatanimiz sharafini xalqaro sport musobaqalarida himoya qiladigan terma jamoalar uchun 118 ta mahalliy, 24 ta xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari uyushtirildi. 127 ta xalqaro sport musobaqalarida turli sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarning ishtiroki ta’minlandi.

Sportchilarimiz olti oylik xalqaro musobaqalar davomida olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tgan jahon chempionatlarida 31 ta medallar jamlanmasini qo‘lga kiritdi. Shundan 4 tasi oltin, 4 tasi kumush, 23 tasi bronza medalidir. Osiyo chempionatlarida esa yurtimiz vakillari 109 ta oltin, 75 ta kumush, 109 ta bronza medallariga ega chiqdiki, bu, yangi O‘zbekistonning “oltin avlodi” bo‘lgan olovqalb yoshlarimizning 2026 yili Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga, 2028 yili Los-Anjeles shahrida bo‘ladigan navbatdagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rayotganidan dalolat, deyish mumkin.

Har qanday yutuqqa xalqaro tajriba, hamkorlik aloqalarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi orqali erishiladi. Mamlakatimiz sportiga chet mamlakatlar ilg‘or tajribalarining joriy etilishi, xalqaro bilimga ega xorijiy sport mutaxassislarining milliy terma jamoalarga maqsadli jalb etilishi jahon va qit’a chempionatlarida, Olimpiya va Osiyo o‘yinlaridagi natijalarimizda o‘z aksini topdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi, Sport vazirligi va olimpiya sport turlari bo‘yicha sport federatsiyalarning hamkorligi, chuqur tahlili asosida  51 nafar xorijiy sport mutaxassislari terma jamoalarga jalb etildi.

Maqsad milliy sportimiz rivojini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro musobaqalar, jumladan, 2026 yil Yaponiya bo‘ladigan Osiyo o‘yinlari, 2028 yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida xalqimiz g‘ururini yuksaltiradigan natijalar qayd etishdir.

Niyati xolisning istagi ijobat bo‘ladi. Bugun yurtimiz sport tizimida joriy etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport o‘yinlari, ommaviy musobaqalar va festivallar mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng yoyishga, millat genofondini sog‘lomlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

To‘lqin Ro‘ziyev,

O‘zA