French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston siyosati BMT Bosh Assambleyasida yuksak baholandi
15:13 / 2023-09-27

Bundan roppa-rosa o‘ttiz ikki yil muqaddam o‘z mustaqilligini e’lon qilgan O‘zbekiston xalqi o‘tgan davrda qancha sinovlarni boshidan o‘tkazdi, ko‘plab qiyinchilik va mashaqqatlarni yengib o‘tdi. Ahillik xalqimizning asosiy yutug‘idir. Yuksalish yo‘lidan dadil borayotgan yurtimiz tarixida 2023 yil tom ma’noda tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Xalqaro maydonda respublikamiz nufuzi tobora yuksalmoqda.

Xususan, shu yil 30 aprelda referendumda umumxalq ovoz berish orqali O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. 11 sentyabr kuni Prezident Farmoni bilan taraqqiyotimizning asosiy g‘oyalari belgilab berilgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga tashrifi ushbu sa’y-harakatlarning strategik ahamiyati, mazmun-mohiyatini yaqqol ifoda etdi.

Davlatimiz rahbarining Nyu-York shahrida dunyo minbari – Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida to‘xtalgani, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surgani jahon ilg‘or hamjamiyatida katta qiziqish o‘yg‘otdi va yuksak baholandi.

O‘zbekiston yetakchisi, avvalo, BMT Bosh Assambleyasining bu galgi sessiyasi xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tayotgani, jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotganiga e’tibor qaratib, buning oqibatida global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar, xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchayishi, bularning bari keng ko‘lamli keskinlik ortishiga sabab bo‘layotganini alohida ta’kidladi.

– Yuzaga kelgan geosiyosiy qarama-qarshiliklar tufayli savdo, investitsiya va innovatsiya sohalarida erkin almashish yo‘lida yangi to‘siqlar vujudga kelib, iqlim o‘zgarishi, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqayotgani bois, ayni murakkab sharoitda amaliy hamjihatlik va hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda, mamlakatlarni jipslashtirish g‘oyasi har qachongidan ham dolzarb bo‘lib bormoqda, – dedi mamlakatimiz Prezidenti. – Biz o‘tgan yil umumiy xavfsizlik va taraqqiyotga qaratilgan “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz mamlakatlarimiz va xalqlarimizning bugungi kuni va istiqboli uchun mas’uliyatni har tomonlama chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb qilishdan iborat. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yil Kelajak sammiti o‘tkazilishi xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotimizning ta’siri va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Mamlakatimiz rahbari milliy manfaatimizga mos yana bir xalqaro integratsion maqsadni barchaga bildirib o‘tganidek, global taraqqiyot asnosida izchil davom etayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti, global tahdidlarga qaramasdan, barqaror o‘sish sur’atini namoyon etib, so‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulotimiz hajmi bir yarim barobardan ziyod o‘sdi. Endigi bosh maqsadimiz 2030 yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni yana 2 karra oshirish. Iqtisodiyotimizni liberallashtirish yo‘lidagi yana bir ustuvor vazifa yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lishdir.

BMT minbaridan turib davlatimiz rahbari ichki ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy natija va vazifalarga atroflicha to‘xtalib, inson kapitalini rivojlantirish, kreativ yosh avlodni tarbiyalash strategik vazifa ekani, ta’lim tizimi tubdan o‘zgartirilayotganiga to‘xtaldi. O‘tgan olti yilda qamrov maktabgacha ta’limda 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030 yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri oliygohda o‘qishi uchun imkoniyat yaratiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish yo‘lidan borayotganiga urg‘u berdi. Fikrimizcha, bu tizimli, ochiq va o‘zaro manfaatli tashqi siyosatda O‘zbekiston yetakchisining shaxsiy tashabbuslari, sharqona bosiqlikka asoslangan, uzoqni ko‘zlangan siyosiy yetakchilik qobiliyati, eng muhimi, sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etish zarur.

Ta’kidlanganidek, birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston barcha qo‘shnilar bilan davlat chegaralari, transport yo‘laklari, suvdan foydalanishbilan bog‘liq muammolar bartaraf etilmoqda. Mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro savdo ikki yarim barobardan ziyod, qo‘shma korxonalar soni esa besh marta o‘sdi. Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib, mamlakatimizga qiziqish tobora ortmoqda. Markaziy Osiyoning dunyoga ochiqligi mintaqa xavfsizligini, barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan eng muhim shartga aylanmoqda.

Ishonch bilan aytish mumkinki, ellarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchaymoqda. Markaziy Osiyo xalqlarining nafaqat tarixi, balki kelajagi, hayotiy muhim manfaatlari ham umumiy, mushtarakdir. Zero, mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari chiqishi yakunida “aminmanki, xalqaro hamjamiyatning qo‘llovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yo‘lidan borishda davom etadi. Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qoladi” dedi.

Albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi tarixiy nutqi, ma’ruzada ifodalangan tashabbuslar, integratsion jarayonni kuchaytirishga oid qarashlar, shuningdek ochiq, pragmatik, faol va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan holda amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston siyosati yuksak baholanishi barobarida, hali akademik, ilmiy doiralarda, siyosiy jarayonlarda ko‘p o‘rganiladi va amalga tatbiq etiladi.

Shu bilan birga bizni hozirgi tarixiy tub burilish pallasida kelgusi avlodlarga sayyoramizni qanday holda qoldirish haqida chuqur o‘ylashga chaqiradi, eng ezgu niyatimiz – mustahkam tinchlik va farovonlikka faqat umumiy intilish, birgalikdagi harakatlar bilan erishish mumkinligiga yana bir bor ishontiradi.

Prezident nutqida ta’kidlanganidek, hozir nafaqat bizga, balki butun insoniyatga o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik ruhi har qachongidan ham ko‘proq zarur.

Oybek TURG‘UNOV, 

Jamoat xavfsizligi universiteti

boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 

yuridik fanlar doktori, professor.