Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yangi O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining jangovar shayligi oshirilmoqda
14:17 / 2021-01-14

Bu yil O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil qilinganiga 29 yil to‘ldi. Ushbu kun mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi.

Mazkur qutlug‘ ayyom tom ma’nodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Davlatimizning katta e’tibori tufayli so‘nggi yillarda amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida Qurolli Kuchlarimizning salohiyati tobora o‘sib bormoqda. Natijada, milliy armiyamiz rivojlanish sur’atlarini muttasil oshirib, yuqori kasbiy mahoratni namoyish etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 2020 yilning 27 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomada mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini oshirish va Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlash davlat qurilishining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab bergan edilar.

Davlatimiz Rahbari harbiylarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabrigida ta’kidlaganidek, “Biz bundan to‘rt yil oldin O‘zbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha eng muhim va ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olgan edik. Shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. O‘tgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi”.

Xususan, mamlakatimiz Prezidenti Qurolli Kuchlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash va mamlakat mudofaa-sanoat majmuasini izchil rivojlantirish bo‘yicha ishlarni ushbu sohadagi asosiy yo‘nalishlardan biri etib belgilab bergan edilar.

Qisqa vaqt ichida mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi mamlakatning barcha ixtisoslashgan korxonalarini birlashtirgan holda to‘liq tarkibda ishlay boshladi va ayni paytda bazaviy korxonalarni tashkil etish hamda texnik qayta jihozlash bo‘yicha loyihalar faol ravishda amalga oshirmoqda.

Yana bir alohida yo‘nalish bu – qo‘shinlarning moddiy-texnik bazasini izchil mustahkamlash, ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan jihozlash, mavjud qurollarni yaroqli holatda saqlash hamda ularni modernizatsiya qilish masalalari armiyamizning jangovar tayyorgarligini yuqori darajada ushlab turishdir.

Qurolli Kuchlar salohiyatini mustahkamlashning muhim elementi xorijiy mamlakatlarning harbiy ishdagi ilg‘or tajribalarini sinchiklab o‘rganish, tahlil qilish va qo‘shinlar amaliyotiga tatbiq etish hisoblanadi. Bunda samarali xalqaro harbiy hamkorlikni amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Faqatgina 2020 yilda harbiy hamkorlik rejalariga o‘ndan oshiq davlatlarning Qurolli Kuchlari bilan ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilarimiz turli xil mashqlar, mashg‘ulotlar, harbiy sport musobaqalari va boshqa harbiy hamkorlik doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etib, yuqori darajadagi professional tayyorgarliklarini namoyish etdilar. Masalan, 2020 yilda o‘tkazilgan Butun Armiya Xalqaro o‘yinlarida O‘zbekiston harbiylari faxrli uchinchi o‘rinni egallashdi. Bizning 16 jamoamizdan 14 tasi turli musobaqa turlarida ishtirok etib sovrinlarni qo‘lga kiritdi.

Ma’lumki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida qabul qilingan yangi Mudofaa doktrinasining asosiy tamoyillariga asoslanib, davlatning butun harbiy tashkilotini yanada rivojlantirish va yangilashning barcha sohalarida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgan vaqtdan to hozirgi kunlarimizgacha bo‘lgan davrda, Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz boshiga tushgan har qanday tashvishli kunlarda doimo davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam ishonchli himoyachisi va tayanchi bo‘lib kelgan.

Masalan, 2020 yil koronavirus pandemiyasi butun dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham davlat va jamiyat hayotining barcha sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ana shunday o‘ta og‘ir sharoitda xalqimizning hayoti va sog‘lig‘ini asrash uchun Qurolli Kuchlarimiz bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etdi. Ko‘chalarda va barcha mahallalarda kechayu kunduz patrul xizmati olib borildi, nazorat punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarning harakatlanishi cheklandi. Targ‘ibot guruhlari odamlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bordi.

Bundan tashqari, harbiy tibbiyot xodimlari sog‘liqni saqlash tizimi tuzilmalari bilan birgalikda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash ishlariga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlar esa butun xalqimiz qatori Qurolli Kuchlarimiz uchun ham yana bir sinov bo‘ldi. Ana shu ofatlar oqibatlarini bartaraf etishda harbiy xizmatchilarimiz professional malakasi va mahorati, tezkor harakatlari bilan kutilmagan favqulodda holatlarda ham o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni sharaf bilan ado etishga qodir ekanini amalda ko‘rsatdi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bunday favqulodda murakkab davrda milliy armiyamiz chindan ham xalqimiz bilan bir tanu bir jon ekanini so‘zda emas, amalda namoyon etdi.

Hech qanday shubhasiz aytish mumkinki, armiyamiz mamlakatimizda o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy, ijtimoiy hamda siyosiy islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish jarayonida doim munosib ko‘makchi ekanligini amalda isbotlamoqda va bundan keyin ham Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz, xalqimizning tinch-osoyishta, xavfsiz hayotining kafolatli himoyachisi bo‘lib qoladi!

Bahromjon SOTIBOLDIEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

huzuridagi Strategik va mintaqalararo

tadqiqotlar instituti bo‘lim rahbari