Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla”lar taqdimoti
10:45 / 2026-02-02

Prezidentimizning 2025 yil 8 oktyabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Xorazm viloyatida ham tanlab olingan hududlarga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomini berish uchun shahar muhiti va yashash sharoitlarini olib kirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov Bog‘ot tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha asosiy rejalar va vazifalar bilan tanishdi.  

Iqtisodiy drayverlari sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligiga asoslangan Bog‘ot tumani 183 mingdan ortiq aholiga ega. Tumanning 43 mahallasidagi 33 ming 400 ta xonadonda 48 ming 200 ta oila istiqomat qiladi. Tuman ko‘rsatkichlariga qaralsa, 2025 yil yakuni bilan tumandagi kambag‘allik darajasi 12.4 foizni, ishsizlik darajasi esa 5.8 foizni tashkil qilgan.  

Viloyatning birinchi rahbariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan rejalar va vazifalar bo‘yicha taqdimotlar qilindi. Ularda tumandagi asosiy iqtisodiy sohalar solishtirildi. Xususan, tumanda barcha manbalar xisobidan  amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalari, mahallalarning master-rejasi, shu jumladan, “Yangi O‘zbekiston qiyofasi”dagi Namuna va Nurli hayot mahallalari ahvolini tubdan yaxshilash bo‘yicha ma’lumot berildi.  

—Tumanimizga muhtaram Prezidentimizning topshiriqlari bilan joriy yilda jami manbalar hisobidan 537 milliard, infratuzilma loyihalari hisobidan 17 milliard, bank kreditlari hisobidan 367 milliard so‘m pul mablag‘lari ajratildi, — deydi Bog‘ot  tumani hokimi o‘rinbosari  Nurbek Qalandarov. – Ular tumanimizning “Yangi O‘zbekiston  qiyofasi”dagi mahallalariga, qishloq infratuzilmasi, tashabbusli byudjet, turizm, investitsiya, biznes va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarga sarflanadi. Shuningdek, tumanimizdagi og‘ir hududlar hisoblangan  11 ta mahallaning  har biriga 2 milliard so‘mdan ajratiladi. “Og‘ir tuman” dasturi doirasida    esa tumanimizga alohida yana 5 milliard so‘m ajratilmoqda.  

Yig‘ilshda og‘ir mahallalar va ularda amalga oshiriladigan ishlar, ushbu mahallalarda o‘rnatiladigan quyosh fotoelektr stansiyalari va o‘rmon xo‘jaligi fondidan yer maydonlarini ajratish, mahallalarining ixtisoslashuvini inobatga olib  2026 yilda loyihaviy yondashuvlar asosida kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish bo‘yicha taqdimotlar qilindi.  

—Mahallamizda 3 mingdan ortiq fuqarolar istiqomat qiladi, — deydi “Bo‘ka” MFY raisi Jonibek Boltayev. — Ko‘pchiligi dehqonchilik, chorvachilik va xunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Ishsizlar ham bor. Prezidentimiz tomonidan bizga ajratilgan ikki milliard so‘m mablag‘ evaziga mahallamizda 20 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil qilmoqchimiz. Endilikda og‘ir hudud hisoblangan mahallamizda ham shu yerdagi tadbirkorlar, tajribali bog‘bon va dehqonlarning ilg‘or ish usullarini ommalashtirish orqali kam ta’minlangan oilalarning turmushini yaxshilamoqchimiz. Natijada mahalla kambag‘allikdan xoli, yangilangan, ko‘rkam va obod hududga aylanadi. 

Taqdimotlardan so‘ng viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov tumanga ajratilgan  katta mablag‘lar davlatimiz rahbarining bog‘otliklarga katta e’tibori va g‘amxo‘rligi ekani, bunday qo‘llab-quvvatlov natijasida kamchiliklarni bartaraf etish, turizm va boshqa sohalarni ham rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjudligini  ta’kidlab, mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.  

Ahmadjon Shokirov,

Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari