Prezidentimizning 2025 yil 8 oktyabrdagi “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatida tanlab olingan hududlarga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomini berish uchun shahar muhiti va yashash sharoitlarini olib kirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatning Angor tumanidagi Markaz va Yuqori Xo‘jaqiya mahallalarini ham Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi go‘shaga aylantirish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu mahallalarda infratuzilmani yaxshilashga, aholi turmush darajasini oshirishga, ishsizlik va kambag‘allikdan xoli, zamonaviy hududga aylantirishga qaratilgan yangi yondashuvlar asosidagi bunyodkorlik ishlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Bu jarayonda mahallaning markazi shakllantirilib, bolalar va sport maydonchalari, yashil xiyobon, piyodalar yo‘laklari barpo etiladi. Mikrosanoat, hunarmandchilik va xizmat ko‘rsatish markazlari, kichik bozor, kichik ishlab chiqarish korxonalari tashkil etiladi. Maktab yoki boshqa ijtimoiy soha ob’ektlaridan foydalanib, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari ochiladi.

Tumanning Markaz mahallasida 515 ta xonadon mavjud. 850 ta oilada 3 ming 348 kishi yashaydi. Mahallani sharoiti shaharnikidan qolishmaydigan obod, farovon go‘shaga aylantirish uchun ko‘chalar tartibga keltirilib, yo‘llar ta’mirlanayotir. Ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Aholi xonadonlarini, ijtimoiy soha ob’ektlarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish ishlari olib borilmoqda. Tomorqalarni sug‘orish tizimlari yaxshilanmoqda. Bu ishlar uchun besh milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Mahallani rivojlantirish jarayonida 12 ta yangi tadbirkorlik loyihasi amalga oshirilib, 48 tasining faoliyati kengaytiriladi. Aholi tomorqalarida yuqori daromadli ekinlar ekish yo‘lga qo‘yiladi. Xonadonlarning ishsizlik darajasi kamayib, yil yakunida hozirgi 9,2 foizdan 4,7 foizga tushadi.
Mahallada dehqonchilik bilan shug‘ullanib, farovon turmush kechirayotganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Masalan, Norqul Toshboyevlar oilasi tomorqadan unumli foydalanib, olti sotix yerda mo‘’jazgina issiqxona barpo etgan. Bu yerda qishin-yozin turli noz-ne’mat yetishtirilib, oila byudjetiga qo‘shimcha daromad olib kelinadi. Shu kunlarda issiqxonada “Alamina” navli pomidor parvarishlanmoqda.

– Yerga mehr bersangiz, albatta rohatini ko‘rasiz, – deydi Norqul Toshboyev. – Issiqxonada mahsulot yetishtirayotganimizga besh yildan oshdi. Biron yil mehnatimiz zoye ketmagan. Ro‘zg‘orga ham, bozorga ham yetadi. Qo‘l qovushtirib o‘tirmay, mehnat qilish kerak. Mana bu yil mahallamizda katta ish boshlandi. Qiyofasi o‘zgarib, obod hududga aylanmoqda. Shahar muhiti kirib kelayotir. Elektr energiyasi ta’minoti, ichimlik va oqova suv tizimlari yaxshilanmoqda. Yaratilayotgan bu sharoitlarga yarasha yanada ko‘proq mehnat qilib, tomorqamizdan samarali foydalanishimiz kerak.

Tajribali bog‘bon Rahmon Boymatov ko‘chat yetishtirishni o‘z kasbiga aylantirgan. U tomorqasi hamda qariyb bir gektar yer maydonida dehqonchilik xo‘jaligi tashkil etib, turli mevali va manzarali daraxtlar, shuningdek, gul ko‘chatlarini parvarishlaydi. Ko‘chat yetishtirish orqali yangi bog‘lar barpo etilishiga hissa qo‘shayotgan R.Boymatovning oilasi ham farovon hayot kechirmoqda.

Endilikda mahalladagi tadbirkorlar, tajribali bog‘bon va dehqonlarning ilg‘or ish usullarini ommalashtirish kam ta’minlangan oilalarning o‘z turmushini yaxshilashiga xizmat qiladi. Natijada mahalla kambag‘allikdan xoli, yangilangan, ko‘rkam va obod hududga aylanadi.
Joriy yilda viloyatdagi uchta tumanga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman”, 33 ta mahallaga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi beriladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri