Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Yangi O‘zbekiston poydevorlari” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi
15:45 / 2025-06-12

Mamlakatimiz yoshlarining intellektual salohiyatini oshirish hamda ularni rag‘batlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi kunda 14 ta Prezident maktabi, 185 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur maktablardagi o‘qitish va baholash tizimi 1 ming 500 ta umumta’lim maktabida ham joriy etilgan. Bundan tashqari, iqtidorli bitiruvchilar uchun “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15 maydagi “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, "Prezident iqtidorli farzandlari" tashabbusi va uni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqilishi, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati tashkil etilishi, Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati faoliyati yo‘lga qo‘yilishi borasida bir qancha dolzarb vazifalar belgilab berildi.

"Yangi O‘zbekiston" universitetida tashkil etilgan "Prezident iqtidorli farzandlari" tashabbusining taqdimotiga bag‘ishlangan “Yilning eng quvonchli yangiligi” tadbirida ta’kidlanishicha, Prezident iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati mamlakatning eng iste’dodli yoshlari — Prezident maktabi, Al-Beruniy xalqaro maktab-internati o‘quvchilari, “Yangi O‘zbekiston” universiteti talabalari hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarini bir nuqtada birlashtiradi.

Bunda maxsus raqamli platforma orqali yoshlar o‘zaro tajriba almashadi, innovatsion g‘oyalarini muhokama qiladi. Shuningdek, davlat organlari va yirik kompaniyalar bilan bevosita muloqot qilish, mamlakat rivojiga doir muhim qarorlarda fikr bildirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Hamjamiyat tomonidan yoshlar uchun xalqaro miqyosdagi forumlar, konferensiyalar va treninglarda qatnashish imkoniyati yaratiladi va ular yetakchi ish beruvchilar bilan bevosita hamkorlik qiladi.

Qayd etilishicha, mamlakat rivojiga sezilarli hissa qo‘shayotgan fidoyi mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Yangi O‘zbekiston poydevorlari” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA