Jonajon O‘zbekistonimiz o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritganiga va mustaqil taraqqiyot yo‘liga o‘tganiga 34 yil to‘ldi. Bu dorilomon kunlar ne-ne jadid bobolarimizning asriy orzusi edi. Xalqimiz har yili bu muazzam kunni bayram qilishdek baxtga erishdi. Inson baxtli bo‘lishi uchun erkin bo‘lishi, erkin bo‘lishi uchun esa mustaqil bo‘lishi kerak. Demak biz, eng avvalo, mustaqillikning mazmun-mohiyatini anglab olishimiz va yosh avlodga uning ahamiyatini yetkazishimiz zarur. Inson “mustaqillik” degan ulug‘ tuyg‘uni o‘z taqdiriga o‘zi egalik qilish huquqi ekanligini anglashi va uni yanada mustahkamlashga intilishi zarurligini tushunishi lozim.
Mamlakatimizda mustaqillik ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohalarda tub islohotlarni amalga oshirish imkonini berdi. Iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ma’naviy sohalarning erkinlashtirilishi tufayli mamlakatimizda bozor munosabatlari bosqichma-bosqich amalga oshirila boshladi. Mustaqillik tufayli mulkka egalik va uning huquqiy asoslari shakllantirildi va chuqur isloh qilindi. Mustaqillik xalqimizni mamlakatimiz hududidagi tabiiy resurs va boyliklarning haqiqiy egasiga aylantirdi. Xalqimizning azaliy hayot tarzidan chuqur o‘rin olgan urf-odatlari, an’analari, bayramlari ushbu bayram tufayli qayta jonlandi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Ma’naviy merosimizning durdonalari ona tilimizda nashr etila boshlandi. Xalqimizning tarixi qayta tiklanib, ulug‘ ajdodlarimiz qoldirgan boy va bebaho meros nafaqat xalqimiz, balki o‘zga xalqlar tomonidan ham keng o‘rganila boshlandi. O‘zligimizni anglash va jahon afkor ommasiga tanitish yo‘lida ulkan qadamlar qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda “Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zo‘ravonliklar yo‘qota olmadi. Bunga ko‘hna tariximizning o‘zi guvoh. 1991 yil 31 avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yuz yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulug‘ orzusiga erishdi – o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi”.
Davlat va jamiyatimizning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bu jarayonda parlament va siyosiy partiyalarning rolini, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jadal amalga oshirildi. Hurmatli yurtboshimiz tomonidan demokratiyaning asosiy talabi bo‘lgan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini, so‘z va vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda.
Biz shu kunlarda mustaqilligimizning 34 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Mana shu qisqa davr mobaynida mamlakatimizning bosib o‘tgan murakkab yo‘lini, uning erishgan muvaffaqiyatlari, rivojlanish bosqichlari va erishilgan natijalarga xolisona baho berishimiz, ushbu natijalar mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishimiz maqsadga muvofiqdir.
Ming shukrki, biz mustaqillik tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qildik. Istiqlol tufayli yurtimizni jahon hamjamiyati tanidi. Xalqimizning fidokorona mehnati, yoshlarimizning har sohadagi yutuqlari, g‘ayrati, azmu shijoati tufayli vatanimizning shon-shuhrati olamga yoyildi.
Eng quvonarlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan xalqchil, adolatli va keng qamrovli islohotlar butun xalqimiz hayotida o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Bunda xalq manfaati barcha narsadan ustun darajaga olib chiqildi, “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyil ostida davlat boshqaruvi organlari o‘z faoliyatini olib bormoqda. Bu ishlarning barchasi “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” degan ezgu da’vat asosida amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, joriy yilda bayram tadbirlari “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilmoqda. Vatan, Millat va Xalq tushunchalari odamzod uchun eng oliy qadriyat. Ushbu uch tushuncha insonning ma’naviy-axloqiy mezoni, fidoyilik timsoli va faol fuqarolik pozitsiyasini belgilaydi. Ular alohida qaralsa ham, bir-biriga uzviy bog‘langan yagona uyg‘unlik — uch birlik sifatida jamiyat taraqqiyoti, milliy o‘zlik va davlat barqarorligining asosiy tayanchi bo‘lib xizmat qiladi. Vatan — borliq, u tabiat va jamiyatning uzviy birligi bilan bog‘liq hudud bo‘lsa, Millat – boylik, u tili, qadriyatlari, urf-odat, an’analari bilan o‘zligini saqlay olish, Xalq esa – borliq, ya’ni mavjudlik mezoni mushtarak maqsadlar bilan istiqbol sari intiluvchi kuch. Vatan obod bo‘lsa buyuk millat yuksaladi va xalq degan qudrat mustahkamlanadi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan bugun biz yagona xalq, yagona millat bo‘lib, ko‘zlagan yuksak maqsadlarimiz sari dadil bormoqdamiz. Vujudimizda, qonimizda ajdodlarimizdan meros buyuk qudrat jo‘sh urayotgan ekan, biz ezgu orzu va maqsadimiz bo‘lmish yangi O‘zbekistonni albatta bunyod etamiz.
Mansur Yunus,
O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
filologiya fanlari doktori