Ta’limga e’tibor kelajakka, yosh avlod kamolotiga, taraqqiyotga e’tibordir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi O‘zbekistonning izchil islohotlari jarayonida ta’lim sohasiga har qachongidan ko‘ra alohida diqqat qaratilmoqda. Binobarin, ertangi kunni bugundan qo‘yilayotgan mustahkam va mukammal poydevor, ilm-ma’rifat belgilaydi.
Mamlakatimizning yuksak taraqqiy etishiga baland marralarni egallashga qodir bo‘lgan intellektual avlod suyanch va tayanch bo‘la oladi. O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbir buning yana bir karra yaqqol ifodasidir.

Istiqlolimizning o‘ttiz to‘rt yilligiga hamohang boshlangan yangi o‘quv yili maorif sohasi uchun har qachongidan ko‘proq shukuh va ko‘tarinkilik baxsh etdi. Darvoqe, qutlug‘ sana sharofati bilan Prezidentimiz ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini faxriy unvon, orden va medallarga munosib ko‘rdi. E’tiborlisi, ular orasida o‘z mablag‘i hisobidan maktab qurgan saxiy tadbirkor, ta’limdagi ilg‘or yutuqlarni joriy qilishga ko‘maklashayotgan xorijiy hamkorlar ham bor.
E’tirof etish joizki, so‘nggi sakkiz yilda yurtimiz iqtisodiyoti ikki karra o‘sdi, yalpi ichki mahsulot hajmi yil yakunigacha 130 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Bu iqtisodiy zamin asosida ta’lim va ilm-fan sohasiga xarajatlar olti karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Demakki, ta’lim sifatini oshirish, ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.

– Ta’limga qaratilayotgan ana shunday e’tibor ifodasini viloyatimiz misolida ham ko‘rish mumkin. 2017-2025 yillarda investitsiya dasturi doirasida jami 327 umumta’lim maktabida 25 yangi binoni qurish, 181 tasini rekonstruksiya qilish, 121 inshootda mukammal ta’mirlash ishlari bajarilgani shuning ifodasidir. Bunday xayrli maqsadlar uchun byudjet mablag‘lari hisobidan 1 trillion 375 milliard 310,6 million so‘m mablag‘ sarflandi, – deydi O‘zA muxbri bilan suhbatda Namangan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isoqov. – Birgina joriy yil misolida oladigan bo‘lsak, viloyatimizdagi 50 ta ta’lim muassasasi investitsiya dasturiga kiritilgan. Shundan bitta yangi ixtisoslashgan maktab qurish, 33 maktab va 14 davlatgacha maktab tashkilotini rekonstruksiya qilish, ikkita yangi bog‘cha qurish uchun jami 359 milliard so‘m ajratilgan. Keyingi sakkiz yil ichida maktablar soni 38 taga ortib, 60 ming 546 nafar o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Islohotlarning ilk bosqichidayoq maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. 2017 yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bog‘cha yo‘q edi, qamrov atigi 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bog‘chalar qamrovi 78 foizdan oshdi. Endilikda ta’lim sohasida e’lon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar hisobiga bog‘cha kirib bormagan birorta mahalla qolmasligi, qamrov ham 80 foizdan kam bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilariga tenglashtirilgani, joriy yilning sentyabr oyidan bog‘cha mudiralari ham maktab direktori o‘rinbosari bilan bir xil oylik oladigan bo‘lgani, bir so‘z bilan aytganda, bog‘chadagi rahbar va pedagoglar ish haqi qariyb ikki karra oshgani, xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar maoshi va bola xarajatining bir qismi ham byudjetdan qoplab beriladigan tizim joriy etilishi g‘amxo‘rliklar qamrovi va salmog‘i tobora ortib borayotganidan dalolat.
Darvoqe, o‘z mablag‘i hisobidan maktablar qurgan, ta’limga homiylik qilgan saxiy tadbirkorlar haqida gap ketganda, dilimizdagi iftixor hissi yanada ortdi. Binobarin, Namangan viloyatida eng katta investitsiya ta’limga, kelajakka kiritilgan sarmoya ekanligini his qiladigan, maorif sohasini har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan himmat sohiblari bisyor. Viloyatdagi saxovatpesha ishbilarmonlaridan biri– Davlatobod tumanidagi “Aisha home textil” kompaniyasi asoschisi Jobirxon Kamoliddinov ana shunday farzandlar kamoli va yurt istiqbolini har narsadan ustun qo‘yadigan asl tadbirkorlardan. U o‘zi o‘qigan Namangan shahridagi 3-umumta’lim maktabini tubdan ta’mirlab, zamonaviy, ko‘rkam va shinam, muhtasham qiyofaga keltirgan tadbirkor. Milliy ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi uchun Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani, mukofotni tadbirkorga mamlakat rahbarining o‘zi topshirgani barchammizni quvontirdi.

– Yig‘ilishda ta’limning barcha bo‘g‘inlarini rivojlantirish, yoshlar va pedagoglar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Tizimga keng qamrovli imtiyoz va imkoniyatlar tatbiq etilib, qulayliklar qamrovi tobora ortib borayotgani shundan yorqin nishona. Endilikda davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliy ta’limda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. – Prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bog‘chalari tashkil qilinadi. Shunga yarasha imtiyoz, imkoniyat va qulayliklar ifodasi sifatida pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aniq tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajiga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt to‘loviga 30 foiz chegirma beriladi. O‘qituvchilar zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llashi uchun kompyuter xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Kelgusi yildan pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovlari ikki barobarga kamaytiriladi. Milliy sertifikat tizimi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham joriy qilinib, sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama beriladi. Maktabga ishga kirgan bakalavr bitiruvchilariga avtomatik ravishda ikkinchi malaka toifasi, magistrlarga esa birinchi malaka toifasi beriladi. Dunyodagi “TOP-300”talik oliygohga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratiladi.

– O‘qituvchiga, murabbiyga qachon va qaysi davrda shunday e’tibor ko‘rsatilgan? Ta’lim sohasi kishilari qachon shunday e’zoz va g‘amxo‘rlikda bo‘lgan? Bunga javoban biz ta’lim sohasi vakillaridan talab qilinadigani faqat va faqat izlanish-intilish, davlatimiz rahbari va xalqimiz ishonchiga munosib kelajak kamoliga borimizni, bor bilimu salohiyatimizni ishga solishdir, – deydi Namangan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A’zamjon Isoqov. – Zotan, har qanday sohada, barcha jabhada muvaffaqiyatlarga erishish ilm-ma’rifatga bog‘liq ekan, biz pedagoglarning bu yo‘lda tashabbuslardan to‘xtab qolishga haqqimiz yo‘q. Ustoz muallimlarimizning ilm borasidagi sa’y-harakatlarda bardavomligi, samarali faoliyatga intilayotgani shunga monand.
Namangan viloyati misolida fikr yuritadigan bo‘lsak, sohaga bo‘lgan e’tibor hamda o‘qituvchi va murabbiylarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va qulay imkoniyatlardan ruhlangan pedagoglarimiz yosh avlodga zamonaviy bilimlarni chuqur va mukammal o‘rgatish borasida intellektual salohiyat va ko‘nikmalarini muntazam oshirib, ulkan yutuqlarga erishmoqdalar.

Joriy yilning o‘zida 3 ming 320 nafar xorijiy til o‘qituvchisi chet tilini bilish bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikat olgan bo‘lsa, 1 ming 687 nafar bitiruvchi “IELTS” hamda 1 ming 633 nafari esa milliy sertifikatga ega bo‘ldi.
Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10dan ziyod ustamalar joriy etildi. Shunga ko‘ra, bugungi kunda viloyatdagi 5 mingdan ortiq muallimlarning maoshlari 8-12 million so‘mni tashkil qilmoqda.

– Viloyatimiz maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi barcha xodimlar erishilgan natijalar bilan kifoyalanib qolmay yutuq va muvaffaqiyatlar salmog‘ini yanada oshirishda davom etaveramiz. – Zero, Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.