Tadbirda harbiy okruglar, oliy harbiy ta’lim muassasalari va boshqa bo‘linmalar harbiy xizmatchilari hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari videoaloqa orqali ishtirok etdi.
28 noyabr kuni Mudofaa vazirligida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Doniyorovning «Yangi O‘zbekiston orzusi» kitobi taqdimoti hamda «Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetasi kunlari o‘tkazildi.


Tadbirda harbiy okruglar, oliy harbiy ta’lim muassasalari va boshqa bo‘linmalar harbiy xizmatchilari hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari videoaloqa orqali ishtirok etdi.
Taqdimotni mudofaa vazirining vatanparvarlik targ‘iboti, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Olimjon O‘sarov ochib berdi va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish, ochiq va pragmatik davlat siyosatini amalda qaror toptirish, inson qadrini yuksaltirish kabi ustuvor yo‘nalishlar kitobda atroflicha aks etganini, mazkur asarning jamiyat hayotidagi o‘rni, yangi davrda mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni xolis va samimiy tarzda yoritganini alohida ta’kidladi.


Ikki qismdan iborat mazkur asarning birinchi qismida muallif tomonidan davlat va jamoat arboblari bilan olib borilgan suhbatlar berilib, keng qamrovli fikrlar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati ochib berilgan.
Ikkinchi qismda esa Vatan va millat istiqboli, mamlakat sha’ni va nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ishlar batafsil tahlil qilingan.


Kitobga kiritilgan maqola va suhbatlar 2020–2025 yillarda «Yangi O‘zbekiston» gazetasida chop etilgan materiallar asosida tuzilgan.
Tadbirda ishtirok etgan Harbiy xizmatchilar kitobdan o‘rin olgan maqolalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflarini bildirib, samimiy suhbat qurish imkoniga ega bo‘ldi.
O‘zA