Har qanday davlatning kelajagi, ertasi sifatli ta’lim bilan chambarchas bog‘liq. Qayerdaki ta’lim jarayonlari samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha joyda aniq natija, ilg‘or marralar bo‘y ko‘rsatadi.
Mamlakatimizda ham ta’lim tizimini rivojlantirish, sohaga yangi, zamonaviy metod va yangiliklarni joriy etish, ta’lim muassasalari salohiyati va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Bugun barcha hududlarda Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi. Qisqa muddatda oliy ta’lim muassasalari soni qariyb ikki barobar oshirildi. Bozor iqtisodiyoti va zamon talablaridan kelib chiqqan holda yangi oliygohlar, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Sohada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga qamrovi 2016 yildagi 9 foizdan bugungi kunga kelib 28 foizga yetgani quvonarli natijadir.
Bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, yuqori malakali, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar kadrlar tayyorlashning umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosidagi innovatsion tizimini shakllantirish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yangi O‘zbekiston universiteti tashkil etildi. Ushbu yangilik ko‘plab yoshlar, oliy ta’lim olish istagidagi yigit-qizlarga yuqori kayfiyat, yangicha ruh bag‘ishladi, ilm-fan bilan shug‘ullanish ishtiyoqini yanada oshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 iyundagi “Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, mazkur universitet Toshkent shahrida tashkil etilib, ta’lim jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi hamda ta’lim jarayoni davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi. Universitetda 5 ta – muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo‘ladi.
Ta’kidlash joizki, milliy oliy ta’lim tizimimizning flagmani bo‘ladigan Yangi O‘zbekiston universiteti nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtlarining ta’lim dasturlari asosida yuksak zamonaviy kasbiy bilim va malakaga ega, xalqaro miqyosda raqobatbardosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlashda muhim o‘ringa ega bo‘ladi. Qarorda o‘quv-tarbiya jarayonini ilg‘or pedagogik va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llagan holda jahonning yetakchi universitetlarida joriy etilgan ta’lim texnologiyalari va usullari asosida tashkil etish, talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirish, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlashga, o‘quv materiallarini samarali va puxta o‘zlashtirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay ta’lim muhitini shakllantirish masalalari o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda mavjud ehtiyojlardan kelib chiqib, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, chet ellardagi nufuzli, tan olingan ilmiy markazlar bilan yaqindan hamkorlik qilish, talabalarni ilmiy va innovatsion faoliyatga keng jalb etish universitetning asosiy vazifalari sifatida belgilangan.
Universitetda ta’lim jarayoni “fan – ta’lim – ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida tashkil etilib, talabalar 1-kursdan ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot markazlariga biriktiriladi. Bitiruvchi kurs talabalari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish va bitiruv oldi amaliyotini nufuzli xorijiy kompaniyalarda o‘tash imkoniyati yaratiladi. Yana bir e’tiborli jihati, xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilari, Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilari, universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya va informatika olimpiadalari g‘oliblari hamda kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari davlat granti asosida universitetga qabul qilinadi. Ushbu universitetni tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi hamda 5 yillik ish tajribasidan so‘ng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
E’tirof etish kerakki, mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining bayroqdori – flagmani sifatida tashkil etilgan mazkur ta’lim muassasasi respublikamiz va dunyo tajribasining eng ilg‘or yutuqlarini o‘zida mujassam etgan holda barcha institut va universitetlarimizga namunaviy model bo‘lib xizmat qiladi. Yangi O‘zbekiston universitetida ta’lim olish istagi yoshlarni yanada puxta o‘qib-o‘rganishga, zamonaviy bilimlarni egallashga chorlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston universiteti oliy ta’lim tizimi, umuman, mamlakatimizni tom ma’noda rivojlantirish borasida o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va yuksak marralarga erishishimizda ulkan pillapoya bo‘lib xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA