Shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri sport maydonlarida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining hududiy bosqich bahslari qizg‘in davom etmoqda.
Xususan, og‘ir atletika sport turi musobaqalari joylarda uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Natijada og‘ir atletikaga qiziquvchi yoshlar safi kengayib, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralash borasidagi ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.


–Bugungacha Sirdaryo, Farg‘ona, Namangan, Navoiy, Toshkent, Buxoro viloyatlari va poytaxtimizda hududiy bosqich musobaqalari o‘tgan bo‘lsa, ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bahslar davom etmoqda, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Olim Mahmudov. – 22-23 avgust kunlari Andijon va Qashqadaryo viloyatida, 25-26 avgust kunlari Samarqand, keyin Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida, avgust oyining so‘nggi kunlarida Xorazm viloyatida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. O‘tayotgan musobaqalar mundarijasi, tahlili shuni ko‘rsatdiki, iste’dodli sportchilarni aniqlash uchun hali ko‘plab ishlar qilishimiz kerak ekan. Davlatimiz rahbari tashabbusi va ko‘rsatmasi asosida joriy etilgan yangicha tizimdagi “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari joylardagi mahalliy murabbiy-mutaxassislarning bilim darajasini oshirishga yordam bermoqda. Eng muhimi, ushbu musobaqalar kelgusida vatanimiz sport shuhratini xalqaro maydonda ulug‘lashga qodir “Oltin sportchilar avlodi”ni kamolga yetkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA