Mamlakatimizda sportni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yoshlarni sportga keng ko‘lamda jalb etish va ularni muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanishi, xalqaro maydonlarda yurtimiz sha’nini himoya qiladigan darajada professional sportchi bo‘lib yetishishi uchun keng imkoniyat yaratilib berilmoqda.
Joriy yildan boshlab, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda havaskor hamda professional sportchilar orasida yana bir sport musobaqalarini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Shu bois, avgust oyida poytaxtimizda sportning 10 ta turi bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqalarning yakuniy, respublika bosqichi shu yilning noyabr-dekabr oylarida “Prezident Olimpiadasi” musobaqalari bilan yakun topadi.
[gallery-25359]
Joriy yilning may, iyun va avgust oylari davomida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasining mintaqa va Toshkent shahar bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Musobaqalar sportning 10 ta – yengil atletika, taekvando, erkin kurash, yunon-rum kurashi, badiiy gimnastika, stol tennisi, boks, dzyudo, og‘ir atletika, basketbol 3x3 turlari bo‘yicha o‘tkazildi.
“Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining mintaqa bosqichida jami 6 578 nafar hamda Toshkent shahar bosqichida 790 nafar sportchi ishtirok etib, ularning 517 nafari g‘olib va sovrindor, deb topildi.
Taqdirlash marosimida Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Toshkent shahar hokimligining mas’ul rahbarlari ishtirok etdi. Musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA